Ilm-fan
O‘zbekistonlik yosh olimlar qanday izlanishlar, ixtirolar bilan mashg‘ul? Oyina.uz Innovatsion rivojlanish vazirligi huzuridagi Yoshlar akademiyasi aʼzolari, 40 yoshgacha bo‘lgan tadqiqotchi va tadbirkorlar 2020–2021 yillarda amalga oshirgan eng yaxshi startap, amaliy va innovatsion ishlanmalarning TOP 15 taligini jamladi.
1. Donor topishga qaratilgan mobil ilova
Shifoxonalarda qon zarur bemorlar uchun shoshilinch donor topish, o‘lim holatlarining oldini olish maqsadida ishlab chiqilgan. Bu yil respublikamizning barcha qon quyish markazlarida mazkur ilovani to‘liq ishga tushirish rejalashtirilmoqda. Muallif: Ilhomjon Boltaboyev.
2. Yo‘llarda tirbandliklarning oldini olish loyihasi
Svetoforning qizil chirog‘ida o‘ngga burilayotgan haydovchilar uchun xavfsiz harakatlanish imkoniyati taʼminlanadi. Ushbu loyihani barcha chorrahalarda qo‘llash mumkin. Muallif: Mansur Shukurov.
3. Ifloslangan havoni tozalovchi qurilma
Maktabgacha taʼlim muassasalari, kasalxonalar, do‘konlar, restoranlar, sartaroshxonalar va boshqa gavjum joylarda ifloslangan havoni tozalashda qo‘l keladi. Ushbu innovatsion qurilma bolalar va o‘smirlar orasida nafas yo‘llariga oid kasalliklarni kamaytiradi, eksportga yo‘naltirilsa iqtisodiy samara keltiradi. Muallif: Sulton Obidov.
4. Afaziya kasalligini davolashga mo‘ljallangan mobil ilova
Bosh miyada qon aylanishining o‘tkir buzilishi va insult oqibatida insonlarda afaziya, yaʼni til tutilishi kasalligi paydo bo‘ladi. Ushbu loyiha bemor nutqini tiklashga yordam beruvchi o‘zbek tilidagi birinchi multimediali mobil ilova hisoblanadi. Muallif: Erkin Hafizov.
5. Saratonni aniqlovchi dasturiy tizim
Ayollarda ko‘p uchraydigan onkologik kasallik – ko‘krak bezi saratonini boshlang‘ich davrida aniqlash imkonini beradi. Bemor haqidagi barcha maʼlumotlar ushbu tizim bazasiga kiritiladi va kasallik darajasi aniqlanadi. Muallif: Muslimbek Pirnazarov.
6. Yordamchi robot
Kafe va restoranlarda mijozdan buyurtmani olib, aytilgan taomni yetkazib beradi. Ommaviy ovqatlanish joylarida asosan imkoniyati cheklangan odamlarga xizmat qiladi. Mualliflar: Saidakbarxon Po‘latov, Dalyor Mardonov, Saidazizxon Saidaʼolev, Saidaʼloxon Ergashxo‘jazoda.
7. Suv tejovchi idish
Orolning qurib qolgan tubini suv resurslarini tejash yo‘li bilan ko‘kalamzorlashtirish, to‘qayzorlar barpo etish, suv yetib bormagan hududlarda muammoni ijobiy hal qilish mumkin. Loyiha yordamida suv tanqisligiga barham berish, aholi yashash joylarini tiklash, cho‘llarni o‘rmonzorga aylantirish bo‘yicha 98 % samaradorlikka erishish kutilyapti. Muallif: Luqmon Samiyev.
8. Ko‘zi ojizlar uchun yangi texnologiya
Ko‘zi ojiz yoki ko‘rish qobiliyati past bo‘lgan insonlarning kompyuterdan foydalanishlari uchun maxsus klaviatura. Ushbu texnologiya maxsus maktab-internatlarda amaliyotga tatbiq etiladi. Muallif: O‘lmas Zoirov.
9. Ko‘mir o‘rnini bosuvchi xomashyo
Polietilen paketlari chiqindilarini utilizatsiya qilish va undan ko‘mir o‘rnini bosuvchi uglerodlashtirilgan xomashyo tayyorlash mumkin. Mahsulot kon-metallurgiya kombinatlarining metalga ishlov berishga mo‘ljallangan yuqori haroratli pechlarida ishlatiladi. Muallif: Bobur Obidov.
10. Namlikni doimiy kuzatib boruvchi tizim
Ushbu qurilma qishloq xo‘jaligi va irrigatsiya, ekin maydonlarida suvni tejaydi, yerdagi namlikni doimiy kuzatib boradi. Sug‘orilishi ko‘zda tutilgan maydon namligi kamaysa, dalani sug‘oradi. Aksi bo‘lsa, suvni to‘xtatadi yoki miqdorini kamaytiradi. Muallif: Akbarali Turdiyev.
11. Innovatsion platforma
Barcha shifoxon va oilaviy poliklinikalarda kichik yoshdagi bolalarda ko‘z to‘r pardasi saratonini aniqlash platformasi. Qurilma yordamida ko‘z kasalliklarining oldini olish, chekka hududlarda ko‘z shifokorlari taqchilligini kamaytirish mumkin. Muallif: Madina Kahhorova.
12. Avtomobilni masofadan boshqarish
Avtomobilni uyali telefon orqali masofadan Wi-Fi tizimi yoki mobil aloqa to‘lqini yordamida boshqarish imkoniyati yaratilgan. Mashina eshiklarini ochish-yopish, dvigatelni va faralarni o‘chirib-yoqish, lyuk boshqaruvi, yukxonani ochish, xavfni bildirish, avtomatik qulflash, vaqtni belgilash kabi qulayliklari mavjud. Muallif: Islombek Rahmonberdiyev.
13. To‘lqinni kuchaytiruvchi qurilma
Tuman markazlaridan uzoq bo‘lgan (30 chaqirimgacha) hududlarda aloqa va internet sifatini yaxshilash uchun foydalaniladi. Metro bekatlarida, baland binolar zich joylashuvi tufayli internet va telefon tizimi to‘siqqa uchraganda ham asqatadi. Muallif: Shukrullo Abdurahmonov.
14. Virtual parashyut trenajyori
Virtual trenajyor yordamida desantchi, parashyut sportchilari, favqulodda vaziyatlar vazirligi xodimlari mashq o‘tkazishlari mumkin. Virtual ko‘zoynak, shamol immitatsiyasi, parashyut sumkasi, pasayishni immitatsiya qiluvchi gidravlik ko‘targich, klevantalar bilan jihozlangan. Mualliflar: Izzat Mo‘minov, Anatoliy Dushakov.
15. Urug‘ ekuvchi uskuna
Qishloq xo‘jaligida urug‘larni avtomatik tarzda ekish, paxta dalalari va boshqa ekinzorlarni yumshatish mumkin. Cho‘llarda saksovul va boshqa o‘simliklar urug‘larini ekishda qo‘l keladi. Mazkur qurilma quyosh batareyasi yordamida ishlaydi. Muallif: Rustamjon Madraimov.
Shahnoza TOJIDDINOVA tayyorladi.
Ilm-fan
Jamiyat
Jamiyat
Jamiyat
Jamiyat
Jamiyat
Jamiyat
Jamiyat
Jamiyat
Jamiyat
//
Izoh yo‘q