Siyosat
Kobul shahrida Oʻzbekiston va Afgʻoniston delegatsiyalarining kengaytirilgan yigʻilishi boʻlib oʻtdi, deb xabar berdi Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi matbuot xizmati. Oʻzbekiston tomoniga bosh vazirning oʻrinbosari — investitsiyalar va tashqi savdo vaziri Sardor Umurzoqov, Afgʻoniston tomoniga esa muvaqqat hukumati rahbarining oʻrinbosari Abdulgʻani Barodar boshchilik qilgan.
Maʼlum qilinishicha, uchrashuv chogʻida tomonlar investitsiyalar, savdo, transport va logistika, energetika, qishloq xoʻjaligi, taʼlim va sogʻliqni saqlash sohalarida oʻzbek-afgʻon hamkorligining kun tartibidagi masalalar yuzasidan fikr almashgan.
Afgʻon tomoni mamlakatda xavfsizlikni taʼminlash, iqtisodiyot va ijtimoiy sohani tiklash hamda korrupsiyaga qarshi kurashish borasida koʻrilayotgan chora-tadbirlar haqida maʼlumot bergan.
Termiz—Mozori Sharif—Kobul—Peshavor trans-afgʻon temir yoʻlini qurish loyihasini amalga oshirish boʻyicha hamkorlikni faollashtirishga alohida eʼtibor qaratilgan. Tomonlar loyihani hayotga tatbiq etishning amaliy jihatlarini muhokama qilib, mavjud barcha masalalarni birgalikda hal qilishga tayyor ekanliklarini bildirgan.
Yaqin kelajakda oʻzbek—afgʻon savdo-iqtisodiy hamkorligini rivojlantirish boʻyicha Tadbirlar rejasini ishlab chiqish va tasdiqlash hamda uni amalga oshirish boʻyicha birgalikda ish olib borishga kelishilgan.
Shuningdek, tomonlar yaqin orada oʻzaro savdo hajmini oshirish va ikki davlat hududlari orqali tranzitni koʻpaytirish mexanizmlarini ishlab chiqishga kelishib olgan.
Tadbir yakunida delegatsiyalar rahbarlari muhokama qilingan hamkorlik yoʻnalishlari doirasida ikki tomonlama munosabatlarni kengaytirish ustuvorligini taʼkidlagan va erishilgan kelishuvlarni amalga oshirish boʻyicha keyingi tadbirlarni belgilab olgan.
Shuningdek, Sardor Umurzoqov Kobul shahrida Afgʻoniston muvaqqat hukumati rahbari oʻrinbosari Abdulla Salam Hanafiy bilan uchrashgan.
Uchrashuv davomida Afgʻoniston delegatsiyasining 2021-yil oktyabr oyida Termiz shahrida boʻlib turganida chegaralar xavfsizligi, investitsiyalar, savdo, energetika, xalqaro yuk tashish va tranzit, taʼlim va gumanitar sohalardagi hamkorlik yoʻnalishlarida erishilgan kelishuvlarning amalga oshirilishi koʻrib chiqilgan.
Xususan, oʻzaro savdo hajmini oshirish, savdo va transport toʻsiqlarini bartaraf etish boʻyicha birinchi darajali vazifalar koʻrib chiqilgan. Shu nuqtayi nazardan, oʻz hududida logistika markazi, ishlab chiqarish va saqlash obyektlari, mahsulotlarni sotish punktlari va zarur infratuzilmani birlashtirgan “Termiz” xalqaro savdo markazining imkoniyatlaridan foydalanish taklif qilingan.
Afgʻon tomoni Oʻzbekistonning Afgʻonistonda mintaqa davlatlarining transport va tranzit salohiyatini oshirishga qaratilgan qoʻshma infratuzilmaviy loyihalarni amalga oshirish boʻyicha tashabbuslarini qoʻllab-quvvatlashga tayyorligini bildirgan. Xususan, Afgʻoniston hududi orqali oʻtib ketayotgan transport vositalari va yuklarning harakatlanishi uchun oʻzaro maqbul sharoitlarni ishlab chiqish, muqobil transport yoʻnalishlarini joriy etish hisobiga mamlakatning tranzit imkoniyatlarini oshirish boʻyicha birgalikda ish olib borishga kelishib olingan.
22-fevral kuni Umurzoqov Afgʻoniston muvaqqat hukumati rahbari vazifasini bajaruvchi Mulla Muhammad Hasan Oxund bilan Oʻzbekiston—Afgʻoniston hamkorligini rivojlantirish masalalarini muhokama qilgan.
Muzokaralar chogʻida savdo-iqtisodiy, energetika, transport va logistika, madaniy-gumanitar sohalardagi hamkorlikni kengaytirish boʻyicha dolzarb vazifalar koʻrib chiqilgan.
Afgʻonistonda oziq-ovqat xavfsizligini taʼminlash, iqtisodiy faoliyatni qayta tiklashni jadallashtirish va barqaror tinchlikni saqlashga qaratilgan hamkorlikni tiklash boʻyicha navbatdagi tadbirlar rejalashtirilgan.
Termiz—Mozori Sharif—Kobul—Peshavor trans–afgʻon temir yoʻlini qurish loyihasi, shuningdek, Surxon—Puli-Xumri elektr uzatish liniyasini oʻtkazish loyihasini amalga oshirishga koʻmaklashish borasidagi navbatdagi tadbirlarga alohida eʼtibor qaratilgan. Afgʻoniston tomoni ushbu yoʻnalishda hamkorlikni davom ettirishga va loyihalarni amalga oshirishda faol ishtirok etishga tayyorligini bildirgan.
Shuningdek, Mozori Sharif shahridagi xalqaro aeroport faoliyatini tiklash doirasida amalga oshirilgan ishlar hamda mahalliy mutaxassislar orasidan texnik kadrlar tayyorlash boʻyicha tashkil etilgan tayyorlov kurslari uchun Oʻzbekistonga minnatdorlik bildirilgan.
Uchrashuv yakunida tomonlar oʻzbek—afgʻon hamkorligini yanada chuqurlashtirish bilan bogʻliq barcha masalalarni hal etishni jadallashtirish maqsadida muloqotni rivojlantirishga kelishib olingan.
Jamiyat
Jamiyat
Jamiyat
Jamiyat
Jamiyat
Jamiyat
Jamiyat
Jamiyat
Jamiyat
Jamiyat
//
Izoh yo‘q