Yangihayot tumani oʻz logotipiga ega ilk tuman boʻldi

Saqlash
19:56 / 30.08.2021 1157 0

Avvalroq, Yangihayot tumanida “Millatlar doʻstligi” nomli street art chizilgani haqida xabar bergan edik. Ushbu surat hokimlik tashabbusi bilan koʻp qavatli uyning devoriga tushirilgan edi.

Endi ushbu tuman yana bir jihati bilan boshqa tumanlardan ajralib turadi. Gap shundaki, Toshkent shahridagi 12chi tuman boʻlgan Yangihayot Oʻzbekistondagi oʻz logotipiga ega boʻlgan ilk tuman boʻldi. Muhimi, logotip mualliflik huquqiga ega.

Tuman logotipi oʻziga xos maʼnoga ega boʻlib, unda Yangihayot soʻzidagi ikki kalit harf – “Y” va “h” ifodalangan. Ushbu harflar moviy va zangori ranglarda boʻlib, ular yangi, toza, sof hayotni bildiradi. Logotip shaklida oʻtkir va chorak aylana kesishuvlaridan foydalanilgan. Bu uslub oʻzida ham sharqona, ham zamonaviy minimalistik uslubni oʻzida mujassamlashtirgani bilan eʼtiborga loyiq. Shuningdek, harflar shakli yaproqlarni eslatadi. Yaproqlar esa katta bir daraxt boʻlib, tuman Vatanimizning bir boʻlagi ekanini anglatadi.

«Qisqacha qilib aytganda, yangi tuman Yangi Oʻzbekistonning yangi hayotini oʻzida mujassam etishga, har ishda kreativ, birinchi va masʼuliyat bilan yondashishga bel bogʻlagan. Tuman oʻz imijini yaratarkan, ushbu logotipni koʻrganingizda Yangi bir hayot, sifat, farovonlik va masʼuliyat esingizga tushishini maqsad qilgan», deyiladi tuman hokimligi Matbuot xizmati xabarida.

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

//