Oʻzbekiston boʻylab 3 mingga yaqin kichik va mikro GESlar quriladi

Saqlash
18:44 / 29.04.2026 34 0

Prezident Shavkat Mirziyoyev gidroenergetika sohasini rivojlantirish va qayta tiklanuvchi energiya manbalaridan samarali foydalanish bo‘yicha taqdimot bilan tanishdi. Davlat rahbari soha salohiyatini to‘liq ishga solish va energiya tizimi barqarorligini ta’minlash bo‘yicha muhim vazifalarni belgilab berdi.

 

Qayd qilinishicha, sohada so‘nggi yillarda katta o‘sish kuzatildi. 2017-yilda gidroelektr stansiyalar (GES) soni 36 ta bo‘lgan bo‘lsa, 2025-yilga kelib ularning soni 100 taga yetkazildi. 2026–2032-yillarda esa quyidagi yirik loyihalar amalga oshirilishi kutilmoqda:

 

73 ta istiqbolli loyihaning umumiy qiymati 5,8 milliard dollar bo‘lib, 3,6 gigavatt qo‘shimcha quvvat yaratiladi.

2026-yil oxirigacha 13 ta GES ishga tushiriladi. Bu 537 million kilovatt-soat elektr energiyasi demakdir.

 Mamlakat bo‘ylab 2 983 ta kichik va mikro GESlar qurish orqali uzoq hududlarni energiya bilan ta’minlash ko‘zda tutilgan.

 

Ta’kidlanishicha, endilikda soha to‘liq raqamlashtiriladi. Suv omborlaridagi suv sathi, hajmi va bosimi sun’iy intellekt yordamida onlayn nazorat qilib boriladi. Hozirning o‘zida xavfsizlikni ta’minlash uchun 3,5 mingta maxsus nazorat-o‘lchov apparatlari o‘rnatilgan.

 

Prezident energetika bilan bir qatorda poytaxt iqlimini yaxshilash masalasiga ham to‘xtaldi. Chirchiq daryosining 16 kilometrlik qismi obodonlashtirilib, "Daryo bo‘yi" loyihasi amalga oshiriladi.

 

Shuningdek, shaharda salqin mikroiqlim yaratish uchun sun’iy ko‘llar sonini 12 taga yetkazish bo‘yicha topshiriq berildi. Bektemir kanali bo‘yida esa 187 gektarlik "yashil belbog‘" va sayilgohlar tashkil etiladi.

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

//