Saylov-2021: Imzo varaqalarining to‘g‘ri to‘ldirilganligini tekshiruvchi Ekspert guruhlarini tuzish masalasi ko‘rib chiqildi

Saqlash
11:22 / 30.08.2021 1067 0

Bugun Markaziy saylov komissiyasining navbatdagi yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi. Majlisni Komissiya Raisi Z.Nizamxodjaev olib bordi.

Tadbirda Siyosiy partiyalar tomonidan taqdim etilgan imzo varaqalarining to‘g‘ri to‘ldirilganligini tekshiruvchi Ekspert guruhlarini tuzish, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti saylovida xalqaro tashkilotlardan qatnashadigan kuzatuvchilarni akkreditatsiya qilish, Ommaviy axborot vositalari vakillarini akkreditatsiyadan o‘tkazish, O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati a’zolari ro‘yxatidan chiqarish masalalari ko‘rib chiqildi.

Markaziy saylov komissiyasi a’zolari majlis kun tartibidagi birinchi masala – Siyosiy partiyalar tomonidan taqdim etilgan imzo varaqalarining to‘g‘ri to‘ldirilganligini tekshiruvchi Ekspert guruhlarini tuzish masalasini ko‘rib chiqdilar.

Ma’lumotlarga ko‘ra, Markaziy saylov komissiyasi imzo varaqalari to‘g‘ri to‘ldirilganligini tekshiruvchi Ekspert guruhini tuzishi mumkin. Ekspert guruhi tarkibiga ichki ishlar organlarining, adliya organlarining mutaxassislari, shuningdek fuqarolik jamiyati institutlari vakillari jalb etiladi. Imzo varaqalarini tekshirishda siyosiy partiyalarning vakolatli vakillari ishtirok etadi.

Shuningdek, majlisda Prezidenti saylovida xalqaro tashkilotlardan qatnashadigan kuzatuvchilarni akkreditatsiya qilish masalasi ko‘rib chiqildi.

Qayd etilganidek, Saylov kodeksining 33-moddasiga muvofiq, siyosiy partiyalardan, fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlaridan, shuningdek boshqa davlatlar va xalqaro tashkilotlardan kuzatuvchilar o‘z faoliyatini tegishli komissiyalar tomonidan berilgan mandatlar asosida amalga oshiradi. Manfaatdor tashkilotlar o‘z kuzatuvchilari to‘g‘risida saylov komissiyalariga saylovdan kamida o‘n kun oldin ariza bilan ma’lum qiladi.

Manfaatdor tashkilotdan ariza olinganidan keyin besh kun ichida saylov komissiyasi kuzatuvchi uchun mandat beradi. Boshqa davlatlardan, xalqaro tashkilotlardan kuzatuvchilarga mandatlar Markaziy saylov komissiyasi tomonidan beriladi.

Shuningdek, majlisda ommaviy axborot vositalari vakillarini akkreditatsiyadan o‘tkazish to‘g‘risidagi MSK qaroriga muvofiq 36 nafar mahalliy OAV vakili ro‘yxatdan o‘tkazildi. Qayd etish joiz, shu kunga qadar akkreditatsiyadan o‘tkazilgan mahalliy OAV vakillari soni 766 nafar, xorijiy OAV vakillari  soni 48 nafarni tashkil etmoqda.

Majlis so‘ngida kun tartibiga kiritilgan masalalar yuzasidan Markaziy saylov komissiyasining tegishli qarorlari qabul qilindi.

 

 

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

//