Nogironlik nafaqasi va pensiyasining eng kam miqdori 622 ming soʻmgacha oshiriladi

Saqlash
14:36 / 18.02.2022 1125 0

“Nogironligi boʻlgan shaxslarni hamda aholining ijtimoiy himoyaga muhtoj qatlamlarini qoʻllab-quvvatlashning qoʻshimcha chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi Prezident farmoni qabul qilindi.

 

Farmonga koʻra, 2022-yil 1-apreldan:

 

mehnatga layoqatsiz fuqarolarga beriladigan nogironlik nafaqasi hamda ish staji toʻliq boʻlmagan chogʻdagi nogironlik pensiyasining eng kam miqdori qoʻshimcha toʻlovni hisobga olgan holda – 440 000 soʻmdan 622 000 soʻmgacha oshiriladi;

 

oʻzgalar parvarishiga muhtoj nogironligi boʻlgan 18 yoshgacha bolalarning parvarishi bilan band boʻlgan bolaning qonuniy vakiliga har oyda 500 ming soʻm miqdorida nafaqa toʻlovi (parvarishlash nafaqasi) joriy etiladi.

 

Parvarishlash nafaqasi Davlat xizmatlari markazlari yoki Yagona interaktiv davlat xizmatlari portaliga murojaat asosida byudjetdan tashqari Pensiya jamgʻarmasining tuman (shahar) boʻlimlari tomonidan tayinlanadi va toʻlanadi.

 

Farmonga koʻra, 2022-yil 1-apreldan oʻzgalar parvarishiga muhtoj bolalar toʻgʻrisidagi, 2022-yil 1-oktyabrdan oʻzgalar parvarishiga muhtoj bolalarning qonuniy vakillari toʻgʻrisidagi maʼlumotlar byudjetdan tashqari Pensiya jamgʻarmasiga elektron taqdim etib boriladi.

 

2022-yil oktyabrdan 18 yoshgacha nogironligi boʻlgan bolalar va odamning immunitet tanqisligi virusi keltirib chiqaradigan kasallikka chalingan 18 yoshgacha bolalarga toʻlanadigan nafaqalar hamda parvarishlash nafaqasi fuqarolardan qoʻshimcha hujjatlarni talab etmagan holda “proaktiv shakl”da tayinlanadi.

 

Farmon bilan shuningdek, oʻzgalar parvarishiga muhtoj boʻlgan 18 yoshgacha bolalarning kasalliklari roʻyxati (34 ta) tasdiqlandi.

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

//