Germaniya o’zbekistonliklarga logistika yo’nalishida ish taklif qilmoqda

Saqlash
13:15 / 06.05.2026 56 0

Germaniyada ishlamoqchi bo‘lgan o‘zbekistonliklar uchun transport va logistika yo‘nalishida yangi bo‘sh ish o‘rinlari e’lon qilindi. Bu haqda Migratsiya agentligi axborot xizmati xabar berdi.

 

Qayd qilinishicha, Germaniyaning Myunxen shahrida joylashgan korxonalarda o‘zbekistonliklar uchun 50 ta ish o‘rni taklif etilmoqda. Nomzodlar lokomotiv mashinisti, xomashyo yuklash operatori va ombor logistika xodimi lavozimlariga ishga qabul qilinadi.

 

Ish beruvchi bilan tuziladigan mehnat shartnomasi uzoq muddatli bo‘lib, oylik ish haqi 2 mingdan 3 ming yevrogacha miqdorni tashkil qiladi. Turar joy ish beruvchi tomonidan ta’minlanadi, oziq-ovqat xarajatlari esa ishchi hisobidan qoplanadi.

 

Nomzodlardan soha bo‘yicha o‘rta maxsus yoki oliy ma’lumot, ish tajribasi hamda nemis tilini bilish talab etiladi. Til darajasi ish o‘rniga qarab A2 dan B2 gacha bo‘lishi kerak, nomzodlar yoshi esa 20 dan 45 yoshgacha etib belgilangan.

 

Ta’kidlanishicha, jo‘nab ketish muddati 9 oydan 12 oygacha davom etishi mumkin. Viza, aviachipta va diplomni tan oldirish bilan bog‘liq xarajatlar nomzod hisobidan amalga oshiriladi, biroq ish boshlangach viza va aviachipta xarajatlarining bir qismi Migratsiya agentligi tomonidan qoplab beriladi.

 

Agentlikka ko‘ra, ishga joylashtirish Talantum Group xususiy bandlik agentligi orqali amalga oshiriladi. Mehnat shartnomasi bevosita ish beruvchi bilan tuziladi va xususiy bandlik agentligi ish beruvchi sifatida ishtirok etmaydi.

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

//