Toshkentdagi “Brodvey” va uning atrofidagi hududlar rekonstruksiya qilinadi

Saqlash
11:04 / 06.05.2026 16 0

Toshkent shahri hokimligi piyodalar infratuzilmasi va sayr qilish hududlarini yaxshilashga, shuningdek, xavfsiz va inklyuziv jamoat joylarini yaratishga e’tibor qaratgan holda shaharning markaziy qismini kompleks rivojlantirish rejalarini e’lon qildi.

 

Qayd etilishicha, loyiha “Brodvey” nomi bilan tanilgan Sayilgoh ko‘chasi hududi, unga tutash xiyobon, yashil zonalar va piyodalar o‘tish yo‘laklarini qamrab olishi kerak. Shuningdek, shahar infratuzilmasi unsurlari — yoritish, sug‘orish va xavfsizlik tizimlari ham yangilanishi rejalashtirilmoqda.

 

Loyiha Yagona dizayn kod va hududni kompleks rivojlantirish tamoyillariga asoslanib, tayyorgarlik jarayonida aholi va professional hamjamiyat takliflari o‘rganib chiqiladi.

 

“Hudud ochiq shahar muhiti xususiyatini saqlab qoladi. Ko‘cha rassomlari va ijodiy jamoatchilik vakillari ushbu makonning bir qismi bo‘lib qolaveradi. Loyihaning vazifasi jonli shahar faolligini yo‘qotish emas, balki uni tartibga solish, muhitni qulay, hammabop va xavfsiz qilishdir”, deyiladi hokimiyat xabarida.

 

Loyiha doirasida quyidagilar ko‘zda tutilgan:

 

– yo‘l va piyodalar yo‘laklari qoplamasini yangilash;

– piyodalar yo‘nalishlari va o‘tish yo‘llarini yaxshilash;

– to‘siqsiz muhit yaratish;

– “Brodvey”, xiyobon va ularga tutash hududlarni obodonlashtirish;

– yoritish tizimini modernizatsiya qilish;

– ko‘kalamzorlashtirish va irrigatsiya tizimini rivojlantirish;

– o‘rindiqlar, chiqindi qutilari, yoritish uskunalari va boshqa kichik me’moriy shakllarni o‘rnatish;

– favvoralarni rekonstruksiya qilish;

– peshlavha va reklamalarni Yagona dizayn-kod talablariga muvofiq tartibga solish;

– noqonuniy va tartibsiz qurilmalarni demontaj qilish;

– savdo faoliyatini belgilangan me’yorlarga moslashtirish;

– jamoat joylarida videokuzatuv va monitoring tizimlarini joriy etish.

 

Shuningdek, hududdagi mavjud daraxtlar tekshiruvdan o‘tkazilmoqda va tegishli mutaxassislar nazoratida turibdi. Shuningdek, kamida 1000 tup yangi daraxt, buta va manzarali o‘simliklar ekish rejalashtirilgan.

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

//