Tibbiyot muassasalari faoliyatini tahlil va nazorat qilish uchun inspeksiya tashkil etiladi

Saqlash
15:18 / 06.05.2026 15 0

Prezidentning “Sog‘liqni saqlash tizimida boshqaruv samaradorligini oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi farmoni imzolandi. Unga ko‘ra, O‘zbekistonda Salomatlik va strategik rivojlanish instituti negizida Aholi salomatligini tahlil qilish ilmiy-tadqiqot markazi tashkil etiladi.

 

Hujjatga muvofiq, sog‘liqni saqlash sohasida davlat siyosatining samaradorligini baholash, aholi salomatligi ko‘rsatkichlarini tahlil qilish va prognozlash, ilmiy-tadqiqot ishlarini amalga oshirish hamda strategik qarorlar qabul qilish uchun tahliliy ma’lumotlar tayyorlash maqsad qilingan.

 

Sog‘liqni saqlash vazirligi huzurida, shuningdek, tibbiy xizmatlar sifati, bemorlar xavfsizligi, klinik protokol va standartlarga rioya etilishini baholash, tibbiyot muassasalari faoliyatini tahlil qilish hamda klinik nazorat tizimini joriy etish maqsadida yuridik shaxs maqomiga ega bo‘lgan Klinik audit inspeksiyasi va uning hududiy bo‘linmalari tashkil etiladi.

 

Qayd etilishicha, sog‘liqni saqlash sohasidagi yangiliklar, tibbiy xizmatlar va davlat siyosatini jamoatchilikka xolis va tezkor yetkazish, shuningdek, jamoatchilik fikr-mulohazalarini tizimli ravishda yig‘ish hamda tahlil qilish va axborot siyosatini samarali tashkil qilish maqsadida yuridik shaxs maqomiga ega bo‘lgan davlat muassasasi shaklida Kontent mediamarkazi faoliyati yo‘lga qo‘yiladi.

 

Kontent mediamarkazi faoliyati hududiy va respublika darajasidagi tibbiyot muassasalari tomonidan pulli asosda ko‘rsatilgan tibbiy xizmatlar uchun tushumlar miqdorining bir foizi miqdorida qo‘shimcha ajratiladigan ajratmalar, Sog‘liqni saqlash vazirligining budjetdan tashqari mablag‘lari, xo‘jalik faoliyatidan tushadigan tushumlar hamda qonunchilikda taqiqlanmagan boshqa manbalar hisobidan moliyalashtiriladi.

 

Farmonga ko‘ra, 2026-yil yakuniga qadar Sog‘liqni saqlash vazirligining markaziy apparati va uning hududiy bo‘linmalari xodimlarining malakasini egallab turgan lavozimi bo‘yicha baholanadi. 2027-yildan boshlab, Sog‘liqni saqlash vazirligi tasarrufidagi statsionar xizmat ko‘rsatuvchi respublika va hududiy darajadagi tibbiyot muassasalariga rahbarlar bir yil muddatda tibbiyot menejmenti va moliyaviy boshqaruv bo‘yicha malaka oshirishi talab etiladi, tibbiy amaliyot bilan shug‘ullanishiga yo‘l qo‘yilmaydi.

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

//