Yana bir huquqbuzarlik bo’yicha xabar berganlar rag’batlantiriladi

Saqlash
12:03 / 06.05.2026 35 0

“Sanoat, radiatsiya va yadro xavfsizligi qoidalarini buzish bilan bog‘liq huquqbuzarliklarning oldini olishga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi Hukumat qarori qabul qilindi.

 

Qarorga ko‘ra, 2026-yil 1-avgustdan xavfli ishlab chiqarish obyektlari va texnik qurilmalaridan foydalanishdagi huquqbuzarliklar haqidagi xabarlarni Sanoat, radiatsiya va yadro xavfsizligi qo‘mitasiga foto yoki videomateriallar ko‘rinishida taqdim qilish hamda taqdim etgan shaxslarni rag‘batlantirish tartibi joriy etiladi.

 

Ta’kidlanishicha, taqdim etiladigan foto yoki videomateriallarda quyidagilar aniq aks etgan bo‘lishi lozim:

 

– sanoat, radiatsiya va yadro xavfsizligi qoidalarini buzish bilan bog‘liq huquqbuzarlik mohiyati;

– huquqbuzarlik sodir etilgan manzil (geolokatsiya), sana va vaqt.

 

Axborot tizimi orqali kelib tushgan materiallar hamda “E-ma’muriy ish” uchun zarur ma’lumotlar to‘plami Qo‘mitaning hududiy boshqarmasi (bo‘limi) mas’ul xodimi tomonidan 3 ish kuni mobaynida joyiga chiqqan holda ko‘rib chiqiladi.

 

Shuningdek, mas’ul xodim qonunchilikka muvofiq ma’muriy ish qo‘zg‘atadi, dalillarni rasmiylashtiradi va Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeks talablariga binoan qaror qabul qiladi.

 

Foto va videomaterial taqdim etgan shaxs huquqbuzarlik bo‘yicha undirilgan jarimaning 20 foizi miqdorida pul mukofoti bilan rag‘batlantiriladi.

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

//