Oʻzbekiston eng koʻp oltin sotib olgan davlatlardan biri boʻldi

Saqlash
17:02 / 16.02.2022 821 0

Oʻzbekiston Markaziy banki dekabr oyida oltinni eng koʻp sotib olgan xaridorlardan biri boʻldi. Bu haqida Jahon oltin kengashining hisobotida maʼlum qilindi.

 

Maʼlumotlariga koʻra, dekabr oyida Oʻzbekiston Markaziy banki 8,4 tonna qimmatbaho metallni qoʻlga kiritib, dunyoda ikkinchi oʻrinni egallagan. Regulyator 21,5 tonna oltin sotilgan noyabr oyidagi rekord savdodan soʻng oltin zaxiralarini toʻldirgan.

 

Qayd etilishicha, rasmiy zaxiralardagi oltinning umumiy hajmi 2021-yilning oxirgi oyida 14,2 tonnaga oshgan. Turkiya eng yirik xaridorga aylanib, oʻz zaxirasini 10,1 tonnaga oshirgan. Yil oxirida u 394,2 tonnani tashkil etgan.

 

Hindiston zaxira banki oltinning 3,7 tonnaga koʻpayishi bilan uchinchi oʻrinni egallagan. Toʻrtinchi oʻrinda Qirgʻiziston boʻlib, u qimmatbaho metallar zaxirasiga 1,1 tonna qoʻshgan.

 

Qozogʻiston Milliy banki oltinni dekabr oyida eng faol sotgan (4,8 tonna). Ikkinchi oʻrinda Shri-Lanka joylashgan boʻlib, u bir oy ichida 3,6 tonna yoki oltin zaxiralarining yarmini sotgan. Uchinchi oʻrinni 1,6 tonna bilan Polsha egallagan.

 

Taʼkidlanishicha, jahon oltin zaxiralari 2021-yili 463 tonnaga oshib, ketma-ket 12 yildirki ortib bormoqda. Banklar talabni qisman qoʻllab-quvvatlagan holda qimmatbaho metallardagi zaxiralarni koʻpaytirishda davom etmoqda. 2022-yilda ham bu davom etishi kutilmoqda.

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish