Jizzax shahrida Qozon Federal universiteti filiali tashkil etildi

Saqlash
09:08 / 30.08.2021 2045 2

Prezident qarori (PQ–5237-son, 28.08.2021 y.) bilan Jizzax shahrida Qozon Federal universiteti filiali tashkil etildi.

 Qarorga ko‘ra, Filialda quyidagi bakalavriat ta’lim yo‘nalishlari va magistratura mutaxassisliklari bo‘yicha kadrlar tayyorlanadi:
 geologiya;
 dasturiy injiniring;
 iqtisodiyot;
 mashinasozlik;
 davolash ishi;
 stomatologiya;
 farmasiya;
 tibbiy biokimyo.

 Filial Qozon Federal universitetining (Rossiya Federasiyasi) yuridik shaxs maqomiga ega bo‘lgan tarkibiy bo‘linmasi hisoblanadi.

 Kadrlar tayyorlash kunduzgi, sirtqi va boshqa ta’lim shakllarida olib boriladi.

 Filialda ta’lim faoliyati 2022/2023 o‘quv yilidan boshlanadi.

 Qabul parametrlari manfaatdor vazirlik va idoralarning kadrlarga bo‘lgan real ehtiyojini hisobga olib Filial tomonidan tasdiqlanadi.

 Talabalarni o‘qishga qabul qilish davlat granti hamda to‘lov-kontrakt asosida amalga oshiriladi. Bunda, davlat granti asosida ta’lim olgan Filial bitiruvchilari 3 yildan kam bo‘lmagan muddat majburiy ishlab berish sharti bilan O‘zbekistonning davlat organlari va tashkilotlariga taqsimlanadi.

 Bitiruvchilarga O‘zbekiston Respublikasi va Rossiya Federasiyasida oliy ma’lumot sifatida tan olinadigan Universitetning belgilangan namunadagi diplomi beriladi.

 Qarorga ko‘ra, 2021/2022 o‘quv yilidan Universitet O‘zbekiston Milliy universitetining Jizzax filiali bilan hamkorlikda “Dasturiy injiniring”, “Farmasiya” va “Axborot tizimlari va texnologiyalari” ta’lim yo‘nalishlari bo‘yicha kadrlar tayyorlashni boshlaydi hamda mazkur yo‘nalishlarda o‘qishga qabul qilingan talabalar kelgusida o‘qishlarini Filialda davom ettiradi.

 2022 yil yakunigacha Filial tarkibida OpenLab ilmiy-tadqiqot laboratoriyasi tashkil etiladi.

2 Izohlar

Nazmina Norjigitova

10:05 / 07.05.2024

Qanday talaba boʻlish mumkin

Shukurullo

20:01 / 22.01.2024

Men ham oqimoqchiman

Izoh qoldirish