Jamiyat
Ijtimoiy tarmoq sahifalarida davlat idoralari masʼul xodimlari tomonidan jamiyatda qonun ustuvorligi eslatilgan chiqishlariga nisbatan bildirilayotgan turli fikrlar yuzasidan Din ishlari boʻyicha qoʻmita rasmiy munosabat bildirdi.
Qayd etilishicha, Oʻzbekistonning din sohasidagi yagona davlat siyosatini notoʻgʻri tushunish va baholash, yangiliklarni oʻz manfaatlariga moslab talqin qilish, voqelikni boʻrttirib koʻrsatish, insonlar fikrida noxolis munosabatni shakllantirishga boʻlgan urinishlar diskriminatsiya va turli muammolar kelib chiqishiga sabab boʻlishi mumkin.
«Shuni unutmaslik kerakki, biz dunyoviy, huquqiy demokratik, koʻp millatli va turli konfessiyali jamiyatda yashaymiz.
Ikkinchidan, Oʻzbekiston Respublikasining “Vijdon erkinligi va diniy tashkilotlar toʻgʻrisida”gi Qonunda hech qaysi dinga yoki diniy eʼtiqodga boshqalariga nisbatan biron-bir imtiyoz yoki cheklashlar belgilanishiga yoʻl qoʻyilmasligi qatʼiy belgilab qoʻyilgan.
Uchinchidan, turli millat va konfessiya vakillari istiqomat qiladigan jamiyatda qonun bilan oʻrnatilgan va ijtimoiy kelishuv asosida tartibga solinadigan munosabatlarga qarshi har qanday turdagi nojoiz xatti-harakat, gap-soʻz va saʼy-harakat – turli dinlarga eʼtiqod qiluvchi aholi orasida tushunmovchiliklar yuzaga kelishiga hamda diskriminatsiya va turli muammolar kelib chiqishiga sabab boʻlishi mumkin.
Adliya vazirligi mamlakatda diniy tashkilotlarni roʻyxatga oluvchi yagona vakolatli davlat organi hisoblanadi hamda diniy tashkilotlar tomonidan Oʻzbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi, qonunchilik hujjatlari talablari va oʻz ustavi qoidalariga rioya etishi ustidan nazoratni olib boradi.
Oʻzbekiston Respublikasi “Vijdon erkinligi va diniy tashkilotlar toʻgʻrisida”gi Qonunning 5-moddasida respublikamizda vijdon erkinligini taʼminlashning asosiy ustuvorliklari sanab oʻtilgan. Ushbu moddada quyidagilar keltiriladi: fuqarolarning dinga munosabatidan qatʼi nazar, diniy qarashlarni majburan singdirishga yoʻl qoʻymagan holda, ularning vijdon erkinligiga boʻlgan oʻz huquqlarini amalga oshirishi uchun teng shart-sharoitlar yaratish, shuningdek, jamoat tartibiga, Oʻzbekiston Respublikasi fuqarolarining sogʻligʻi va axloqiga, huquq va erkinliklariga tahdid soluvchi diniy gʻoyalar hamda qarashlarning singdirilishi va tarqatilishiga qarshi kurashish qatʼiy belgilab qoʻyilgan.
Shuningdek, mazkur Qonunning 7-moddasiga binoan, davlat turli dinlarga eʼtiqod qiladigan va ularga eʼtiqod qilmaydigan fuqarolar, turli dinlarga mansub diniy tashkilotlar oʻrtasida oʻzaro murosa va hurmat oʻrnatilishiga koʻmaklashadi, diniy aqidaparastlik hamda ekstremizmga, munosabatlarni qarama-qarshi qoʻyish va keskinlashtirishga, turli konfessiyalar oʻrtasida adovatni avj oldirishga qaratilgan xatti-harakatlarga yoʻl qoʻymaydi.
Fuqarolarimizdan diniy mavzu oʻta hassos ekanini eʼtiborga olib, Internet va ijtimoiy tarmoqlarda diniy masala hamda davlatning din sohasidagi pozitsiyasiga munosabat bildirganda xolis boʻlish, ayni vaqtda, davlatning dunyoviy demokratik tamoyillarini qatʼiy yodda tutgan holda shaxsiy qarashlarini ommaviy munosabat sifatida talqin qilmasliklarini soʻrab qolamiz», deyiladi xabarda.
Jamiyat
Madaniyat
Jamiyat
Jamiyat
Jahon
Jamiyat
Jamiyat
Jamiyat
Jamiyat
Jamiyat
//
Izoh yo‘q