Tezlikka 1, qizil chiroqqa 3 ball – haydovchilarning huquqbuzarliklari uchun jarima ballari tizimi joriy etiladi

Saqlash
17:45 / 11.02.2022 927 0

Prezident Shavkat Mirziyoyev raisligida “Xavfsiz va ravon yoʻl” tamoyili asosida yoʻllarda inson xavfsizligini taʼminlash borasidagi ishlarni yangi bosqichga olib chiqish chora-tadbirlariga bagʻishlangan videoselektor yigʻilishida sohadagi ayanchli holat statistik maʼlumotlar asosida tanqidiy tahlil qilindi.

 

2021-yilda aniqlangan 7,7 million huquqbuzarlikdan 46 foizi qoʻpol qoidabuzarliklar ekani taʼkidlandi.

 

Shuningdek, oʻtgan yilda respublika boʻyicha 95 ming nafar haydovchi 5 tadan koʻp, 9 ming nafari 20 tagacha, 700 nafari 50 tagacha, 18 nafari 100 tagacha qoidabuzarlik sodir etgan.

 

Yunusobod tumanida yashovchi haydovchi 2021-yilda 133 marotaba qoidabuzarlik sodir etgan (230 million soʻm jarima hisoblangan). Yuqorichirchiq tumanida yashovchi haydovchi 2021-yil 11 oyida 37 marotaba qoidabuzarlik sodir qilib, oxir-oqibat jiddiy avariya sodir etgan.

 

Davlatimiz rahbari bundan buyon har bir huquqbuzarlik uchun jarima ballari tizimi joriy etilishini maʼlum qildi.

 

Masalan, haydovchi tezlikni oshirsa – 1 ball, qizil chiroqda oʻtsa – 3 ball hisoblanadi.

 

Agar bir yilda qoidabuzarliklar jami 12 balldan oshsa, haydovchi avtomobil boshqarish huquqidan mahrum boʻladi.

 

Shuningdek, avtomobilni tartibsiz boshqarib, boshqa haydovchilarga xalaqit qilganlik uchun alohida yoʻl bezoriligi degan yangi javobgarlik turi kiritiladi.

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

//