Ilm-fan
Barcha sinf oʻquvchilari uchun ona tili darsliklari turli grammatik qoidalardan imkon qadar tozalanadi. Bu haqida AOKAda oʻtkazilgan brifingda Respublika taʼlim markazi axborot xizmati rahbari Mohira Nurullayeva maʼlum qildi.
Uning soʻzlariga koʻra, bundan keyin “oʻtimli va oʻtimsiz feʼllar”, “vositali-vositasiz toʻldiruvchilar”, “feʼl kesim va ot kesim”, “sifatlovchi-sifatlanmish” va shu kabi mavzular ona tili darsliklaridan chiqarib tashlanadi. Endilikda oʻquvchilar koʻproq matn bilan ishlaydi. Mavzular tilning ijtimoiy vaziyatlarda qoʻllanilishi nuqtayi nazaridan tanlanadi.
«Oʻquvchi endi matn ostida berilgan topshiriq va mashqlar asosida til grammatikasiga doir koʻnikmalarni ham egallab boradi. Darsliklarimiz grammatik qoidalardan xoli va bolani turli qoidalarni yod olishga majburlamasada, lekin grammatik koʻnikmalar oʻz oʻrnida qoladi. Shunchaki endi bu qoidalar amaliy jihatdan oʻrgatiladi. Ularning shakliga emas, mazmuniga urgʻu beriladi», — dedi u.
“Shunday ekan, darslikda grammatika emas, grammatik qoidalar berilmagan deyish toʻgʻri boʻladi, — dedi Mohira Nurullayeva. — Darslik oʻquvchida koʻnikmani shakllantirishi kerak. Grammatik qoidalarni esa oʻqituvchi yetkazishi mumkin”.
“Darslik — bu didaktik material, xolos… Endi Milliy oʻquv dasturi asosida ona tili Oliy taʼlim muassasalariga kirish uchun DTM testlarini yechishga emas, ona tilidan samarali foydalanishga oʻrgatadi. Mazkur yondashuv sabab, afsuski, maktablarda ona tili darslariga eng koʻp soat ajratilishiga qaramay, yoshlar savodsiz boʻlib qolishdi”, — deyiladi xabarda.
Xabarga koʻra, endilikda ona tili faniga shunchaki oʻquv predmeti sifatida qaralmaydi. Milliy oʻquv dasturiga koʻra, ona tili fani asosida til butun borliqni, tabiatni, jamiyatni, fanlarni,oʻzlikni anglash va oʻrganish vositasiga aylantiriladi.
Qoʻshimcha qilinishicha, ertaga oʻquvchilar oʻzi muayyan soha mutaxassisiga aylanganida maktabda olgan bilimlari evaziga oʻzbek tilida ish yuritishga, nutq soʻzlashga, maqola yozishga va teran fikrlashga qiynalmaydi. Shunga muvofiq, kelgusida DTM testlarining baholash mezonlari ham oʻzgaradi.
Jamiyat
Siyosat
Siyosat
Siyosat
Siyosat
Jamiyat
Jamiyat
Jamiyat
Jamiyat
//
Izoh yo‘q