Endi oʻquvchiga imkon qadar past baho qoʻymaslik, topshiriqni yaxshi bahoga bajarib kelmaguncha baholamay turish tavsiya etiladi

Saqlash
23:42 / 10.02.2022 890 0

Oʻzbekiston maktablarida 2022/2023-yilgi oʻquv yilidan boshlab choraklik va yillik baholashning yangicha tizimi joriy etiladi. Bu haqida AOKAda oʻtkazilgan brifingda Respublika taʼlim markazi axborot xizmati rahbari Mohira Nurullayeva maʼlum qildi.

 

Qayd etilishicha, keyingi oʻquv yilidan boshlab kundalik yigʻilgan baholar choraklik bahoga taʼsir qilmaydi. Chunki kundalik baho rivojlantiruvchi ahamiyatga ega, choraklik baho esa erishilgan marrani tekshirish uchun xizmat qiladi. Bu ikki baholashni oʻzaro qorishtirish sifatga taʼsir qiladi.

 

Shuningdek, yillik bahoni choraklik baholar asosida qoʻyish amaliyoti bekor qilinadi. Yil oxirida oʻqituvchi oʻquvchilar uchun qoʻyilgan minimal talabga javob bera olishini tekshirish uchun imtihon oʻtkazishi lozim. Chunki har chorakdagi baho bu minimal talabni bajara olishi yoki olmasligini yaqqol koʻrsatib bera olmaydi.

 

Bahoga jazo yoki ragʻbat quroli emas, rivojlantirish vositasi sifatida qarash kerakligi tavsiya etilmoqda. Bolalarni baho bilan qoʻrqitishni bas qilish, ularga imkon qadar past baho qoʻymaslik, toki topshiriqni yaxshi bahoga bajarib kelmaguncha baholamay turish tavsiya etiladi.

 

Bundan tashqari, oʻquvchiga qoʻyilgan har bir bahoga izoh-mulohaza berish talab etiladi.

 

“Oʻquvchi olgan bahosining adolatli ekaniga ishonch hosil qilmas ekan, taʼlimga nisbatan motivatsiyasi soʻnib boraveradi. Buni isbotlashining eng yaxshi usuli samarali yetkazilgan izoh-mulohazadir. Oʻquvchi izoh-mulohaza orqali kamchilik va yutuqlarini yaqqol koʻra oladi. Keyinchalik qanday harakat qilishi kerakligi haqida xulosalar chiqarib oladi”, deyiladi xabarda.

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

//