Ayrim goʻsht va sut yetishtiruvchilarga kompensatsiya beriladi

Saqlash
12:02 / 10.02.2022 795 0

“Chorvachilikni yanada rivojlantirish va chorva ozuqa bazasini mustahkamlash chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi Prezident qarori qabul qilindi.

 

2022–2024-yillarda 310 ta paxta-toʻqimachilik, gʻallachilik va sholichilik klasterlarining chorvachilik komplekslarida 751 916 bosh qoramol yetishtiriladi.

 

2022–2023-yillarda har bir tumanda kamida 1 tadan goʻsht va sut yetishtiruvchi va qayta ishlovchi korxonalar aholiga kooperatsiya usulida chorva yetkazib beradi, yetishtirilgan mahsulotlar qayta ishlab sotiladi.

 

Qarorga muvofiq, kooperatsiya usulida goʻsht va sut yetishtirish va qayta ishlashni yoʻlga qoʻygan xoʻjalik yurituvchi subyektlarga chorvachilik yoʻnalishida:

 

ajratiladigan 20 milliard soʻmgacha kreditlar boʻyicha foiz stavkasining Markaziy bank asosiy stavkasidan oshadigan, lekin 8 foizidan koʻp boʻlmagan qismiga kompensatsiya hamda kredit summasining 50 foizi miqdorida kafillik taqdim etiladi;

 

jalb qilinadigan xalqaro moliya institutlarining kredit mablagʻlari 10 yil muddatga 3 yil imtiyozli davr bilan ajratiladi.

 

2022-yil 1-yanvardan 2023-yil 31-dekabrgacha:

 

QQS toʻlovchisi boʻlgan chorvachilik xoʻjaliklariga – oʻz xoʻjaliklarida va aholi xonadonlari bilan birgalikda kooperatsiya usulida yetishtirilib, goʻsht uchun realizatsiya qilingan yirik va mayda shoxli qoramollar tirik vaznining har bir kilogrammi uchun subsidiya miqdori 2 000 soʻmdan 4 000 soʻmga hamda sutning har bir litri uchun 200 soʻmdan 400 soʻmga oshiriladi;

 

chorvachilik xoʻjaliklari tomonidan kredit va lizing shartlari asosida xarid qilingan qishloq xoʻjaligi texnikalari kredit va lizing foizi xarajatlarining 10 foiz punktidan ortiq qismi respublika byudjeti hisobidan qoplab beriladi;

 

ozuqa ekin yer maydonlarida yomgʻirlatib va tomchilatib sugʻorish texnologiyalarini joriy etgan chorvachilik xoʻjaliklariga uning har bir gektari uchun 8 million soʻm miqdorida subsidiya ajratiladi;

 

gidroponika usulida chorva mollariga ozuqa yetishtirish uskunalarini xarid qilish xarajatining 20 foizi respublika byudjeti hisobidan qoplab beriladi. Bunda, mazkur uskuna qiymatining 100 million soʻmdan oshmagan qismi qoplanadi.

 

Tegishli roʻyxat boʻyicha xorijdan olib kelinadigan, ishlab chiqarilganiga 5 yildan oshmagan ozuqa ekinlarini ekish, yigʻish va ozuqa tayyorlash qishloq xoʻjaligi texnikalari, ularning butlovchi buyumlari va ehtiyot qismlari, istisno tariqasida, 2025-yil 1-martgacha bojxona toʻlovlaridan (QQS va bojxona rasmiylashtiruvi yigʻimlaridan tashqari) va utilizatsiya yigʻimidan ozod qilinadi hamda tadbirkorlar QQSni 180 kungacha kechiktirib toʻlashi mumkin.

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish