Toshkentda haydovchilik guvohnomalarini qayerdan olish mumkinligi maʼlum qilindi

Saqlash
20:16 / 04.02.2022 2017 0

2022-yil 4-fevraldan boshlab Toshkent shahar IIBB YHXB Roʻyxatlash va imtihon olish boʻlim-boʻlinmalarida haydovchilik guvohnomasini berish uchun nazariy va amaliy imtihonlarni qabul qilish faoliyati toʻxtatiladi. Bu haqida Toshkent shahar IIBB YHXB xabar berdi.

 

Taʼkidlanishicha, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2020-yildagi “Davlat tomonidan tartibga solinadigan sohalarga xususiy sektorni jalb etish boʻyicha qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi qarori hamda Vazirlar Mahkamasining “Avtomototransport vositalarini boshqarish huquqini beruvchi haydovchilik guvohnomalarini olish uchun imtihonlarni oʻtkazish sohasiga xususiy sektorni jalb etishga doir qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi qarorlariga muvofiq tadbirkorlik subyektlari tomonidan avtomatlashtirilgan avtodromlarni qurish ishlari boshlab yuborilgan va ayrim tadbirkorlik subyektlari tomonidan faoliyatni boshlashga tayyor ekanliklari maʼlum qilinmoqda.

 

Xususan, Toshkent shahar Sirgʻali tumanida barpo etilgan “Toshkent imtihon markazi” 4-fevral kunidan oʻz faoliyatini boshlaydi.

 

Shu munosabat bilan Vazirlar Mahkamasining 2021-yil 4-maydagi 272-son qaroriga asosan, joriy yilning 4-fevralidan Toshkent shahar IIBB YHXB Roʻyxatlash va imtihon olish boʻlim-boʻlinmalari haydovchilik guvohnomasini berish uchun nazariy va amaliy imtihonlarni qabul qilish faoliyatini toʻxtatadi.

 

“Shunga muvofiq endilikda fuqarolarimiz tomonidan Toshkent shahrida haydovchilik guvohnomasini olish yoki uni tiklash uchun imtihonlarni topshirish Sirgʻali tumanida joylashgan «Toshkent imtihon markazi” tomonidan amalga oshirilishini maʼlum qilamiz», deyiladi xabarda

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

//