Dam olish kuni ob-havo keskin yomonlashadi – “Oʻzgidromet”

Saqlash
19:50 / 04.02.2022 806 0

Dam olish kuni anomal iliq keskin sovuq bilan almashadi, deya xabar bermoqda “Oʻzgidromet”.

 

Qayd qilinishicha, 4-fevral, juma kuni Oʻzbekiston hududiga Turkmaniston hududlaridan juda iliq va quruq havo kirib kelishi kutilmoqda. Harorat foni koʻp yillik qiymatlardan 5-7 darajaga yuqori boʻladi. Kunduz kuni havo 12-14 daraja iliqqacha, baʼzi joylarda 16-18 daraja iliqqacha isiydi.

 

Shanba kuni iliq havo massasining kirib kelishi kuchayadi. Kunduz kungi harorat 14-17 daraja iliqqacha, baʼzi joylarda 20-22 daraja iliqqacha koʻtariladi, kechasi biroz sovuq saqlanib turadi. Respublika hududining katta qismida yogʻingarchilik kutilmaydi, faqat respublikaning shimoliy hududlariga Volga boʻyi hududlaridan nam havo massasi kirib kelishi prognoz qilinmoqda. Qoraqalpogʻistonda va Xorazm viloyatida baʼzi joylarda yomgʻir yogʻadi.

 

Yakshanba kuni sovuq havo kirib kelishi mamlakatning barcha hududlarini qamrab oladi, ob-havo keskin yomonlashadi. Resublika boʻyicha yomgʻir yogʻadi, shimolda qor aralash boʻlishi mumkin. Harorat kunduz kuni 4-9 daraja iliqqacha, shimolda 0-5 daraja iliqqacha pasayadi.

 

4–6-fevralda respublika boʻyicha baʼzi joylarda shamol kuchayishi kutilmoqda, ayrim joylarda chang toʻzon kuzatiladi, jumladan:

 

4-fevralda Qoraqalpogʻistonda, Xorazm, Navoiy, Toshkent viloyatlarida 18-23 metr/sekundgacha;

 

5–6-fevralda Qoraqalpogʻistonda, Xorazm, Buxoro, Navoiy, Toshkent, Samarqand, Jizzax, Sirdaryo, Qashqadaryo, Surxondaryo viloyatlarida 18-23 metr/sekundgacha, Navoiy, Toshkent, Jizzax viloyatlarining ayrim joylarida esa 25-28 metr/sekundgacha kuchayishi mumkin.

 

Yakshanba kuni togʻoldi va togʻli hududlarda baʼzi joylarda yogʻingarchilik kuchli boʻlishi mumkin. Togʻli avtomobil yoʻllarda qor uyumlari va koʻrinish yomonlashishi kutilmoqda.

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

//