Avtomobil yoʻllari sohasida jamoatchilik nazorati kuchaytiriladi

Saqlash
18:11 / 03.02.2022 858 0

“Avtomobil yoʻllari sohasida ochiqlik standartlarini joriy etish va sohada jamoatchilik nazoratini kuchaytirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi Hukumat qarori qabul qilindi.

 

Qarorga koʻra, 2022-yil 1-iyuldan avtomobil yoʻllari sohasiga tegishli maʼlumotlar bazasini oʻz ichiga olgan “Shaffof yoʼl” platformasi test rejimida ishga tushiriladi.

 

Qaror bilan mazkur platformada joylashtirilishi lozim boʻlgan maʼlumotlar (17 ta) roʻyxati tasdiqlandi.

 

“Shaffof yoʼl” platformasining alohida sahifasi orqali aholining yoʻllar nosozligi, shuningdek, yoʻllarda va yoʻl boʻyida xavfsiz harakatlanish uchun yuzaga kelgan favqulodda texnik muammolar (svetoforlar va yoʻl belgilar oʻrnatilmaganligi yoki ularning shikastlanganligi, tabiiy ofatlar natijasida yuzaga keladigan hodisalar ortidan hosil boʻladigan oqibatlar) haqida foto- va videomurojaatlar – jamoatchilik fikri asosida shakllantiriladi.

 

2022-yil 1-maygacha avtomobil yoʻllarini qurish, rekonstruksiya qilish va taʼmirlash obyektlarining interaktiv onlayn xaritasi-sxemasi ishlab chiqilib, platformaga joylashtiriladi.

 

2023-yildan boshlab va keyinchalik har yili keyingi yilda qurilishi, rekonstruksiya qilinishi, taʼmirlanishi nazarda tutilgan barcha toifadagi yoʻl uchastkalarini xaritaga joylashtirish amaliyoti yoʻlga qoʻyiladi.

 

Qarorga koʻra, “Ochiq byudjet” axborot portali orqali tuman (shahar)lar byudjetlari parametrlarida hududiy ichki yoʻllarini taʼmirlash uchun ajratilgan mablagʻlar jamoatchilik fikri asosida shakllangan ichki xoʻjalik yoʻllarni taʼmirlashga yoʻnaltiriladi.

 

Bu boʻyicha alohida nizom tasdiqlandi.

 

Unga koʻra, jamoatchilik fikri asosida ichki yoʻllarni taʼmirlashda takliflarni qabul qilib olish har yili 10-yanvargacha, bildirilgan takliflar orasidan gʻolib takliflarni ovoz berish yoʻli bilan aniqlab olish joriy yilning 31-yanvariga qadar amalga oshiriladi.

 

Takliflarni yuborish hamda ovoz berish jarayonida voyaga yetgan fuqarolar ishtirok etishlari mumkin.

 

Fuqarolar har yili ichki yoʻllarni taʼmirlashga doir faqat bitta taklifni kiritishi hamda bitta taklifga ovoz berishi mumkin. Fuqarolar oʻzlari tomonidan kiritilgan taklifga ovoz berishi taqiqlanadi.

 

Fuqarolar tomonidan tanlangan ichki yoʻllar axborot portalida avtomatik ravishda taklif sifatida shakllanadi va boshqa fuqarolarning ovoz berishi uchun imkoniyat yaratiladi.

 

Har bir tuman va shaharlarda bildirilgan takliflar boʻyicha berilgan eng koʻp ovozlar sonidan kelib chiqib, yuqoridan pastga qarab saralanadi.

 

Gʻolib takliflar tuman (shahar) mahalliy byudjetlari parametrlarida hududiy ichki yoʻllarni taʼmirlash uchun ajratilgan mablagʻlarning kamida 50 foizi doirasida takliflarni amalga oshirish qiymatini hisobga olgan holda avtomatik tarzda ketma-ketlik boʻyicha aniqlanadi.

 

Qarorga koʻra shuningdek, 2022-yil 1-martgacha ichki xoʻjalik yoʻllarining joylashgan manzili (geopozitsiyasi), toʻliq nomi, uzunligi, holati (asfaltlangan, taʼmirtalab) va boshqa maʼlumotlarni oʻz ichiga olgan Ichki xoʻjalik yoʻllari reyestri shakllantiriladi.

 

2023-yil 1-yanvardan “Shaffof yoʼl” platformasi toʻliq ishga tushiriladi.

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

//