Fargʻonada ilk Ekoshahar quriladi

Saqlash
16:13 / 28.01.2022 947 0

Joriy yilda Fargʻona shahri, Fargʻona va Yozyovon tumanida “Yangi Oʻzbekiston” massivlarining qurilishi koʻzda tutilgan. Bu haqida Fargʻona viloyati hokimligi matbuot xizmati xabar berdi.

 

Maʼlum qilinishicha, viloyat markazida 300 gektar maydonda 40 ming aholiga moʻljallangan yoʻldosh shaharchani bunyod etish ishlariga kirishilmoqda. Hozirga qadar ekoshahardagi “Yangi Oʻzbekiston” bogʻining qariyb 40 gektar maydoniga manzarali daraxtlar ekildi va bu ishlar davom etmoqda. Yangi massiv qurilishining boshlanishi marosimida viloyat hokimi Xayrullo Bozorov soʻzga chiqib, noyob loyiha doirasidagi bunyodkorlik ishlari aholi turmush darajasini yanada yaxshilashga xizmat qilishini alohida taʼkidladi.

 

– Birinchi bosqichda 80 ta koʻp qavatli uylarni bunyod etishni rejalashtiryapmiz. Ikki yilda ekoshaharning qurilishini yakunlamoqchimiz. Bu yerdagi har bir ishning oʻz egasi bor. Tasavvur qiling, ikki yilda mana shu 300 gektarlik dasht maydon oʻrnida koʻp qavatli uy-joylar, “Yangi Oʻzbekiston” bogʻi, maktab, poliklinika, qoʻyingki, barcha infratuzilmaga ega shaharcha paydo boʻladi. Qolaversa, loyiha oddiy emas. Prezidentimizning topshirigʻi asosida Janubiy Koreya tajribasi asosida bu shaharchaning loyihasi ishlab chiqildi. 7, 9, 12, 25-qavatli uylarning narxini aholiga maqbul keladigan qilib belgilayapmiz. Shuningdek, bu yerda barcha infratuzilma yaratiladi, – degan viloyat hokimi.

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

//