Shavkat Mirziyoyev mamlakatda kuzatilgan elektr taʼminotidagi uzilish boʻyicha munosabat bildirdi

Saqlash
17:35 / 26.01.2022 825 0

Shavkat Mirziyoyev 26-yanvar kuni Oʻzbekistonning 2022–2026-yillarga moʻljallangan taraqqiyot strategiyasi va uni 2022-yilda amalga oshirishga oid davlat dasturi ijrosini tashkil etish masalalariga bagʻishlangan yigʻilish oʻtkazdi. Unda elektr energiya taʼminoti uzilishiga oid holatga munosabat bildirdi.

 

«...Biz bugungi kunda global dunyoda yashamoqdamiz. Global olamda hamma narsa bir-biriga bogʻliq. Har bir odamning hayoti butun insoniyat hayoti bilan yanada koʻproq bogʻliq boʻlib qolmoqda.

 

Olis-yaqin hududlarda yuz berayotgan turli ijtimoiy-iqtisodiy jarayonlar, texnogen ofatlar bizga ham oʻz taʼsirini oʻtkazmasdan qolmaydi.

 

Mana kuni kecha elektr taʼminoti boʻyicha sodir boʻlgan texnik uzilish bir zumda butun mintaqa hayotida kuchli aks-sado berganiga barchamiz guvoh boʻldik.

 

Bu avariyadan oʻsha zahotiyoq xabar topib, darhol hukumat komissiyasini tuzishga topshiriq berdim. Komissiya tarmoq va hudud rahbarlari bilan doimiy muloqotda boʻlib, avariya hamda uning iqtisodiyot va aholi hayotiga salbiy taʼsirini bartaraf etish boʻyicha ishlarni shaxsan nazoratimga oldim.

 

Shu bilan birga, bunday holatda xalqimiz ham vaziyatni toʻgʻri qabul qilib, sarosimaga tushmadi. Fursatdan foydalanib, avvalo sabr-toqatli xalqimizga, shuningdek, ushbu vaziyatni bartaraf etishda jonbozlik koʻrsatgan barcha soha va idoralar xodimlariga, shuningdek, ommaviy axborot vositalari va ijtimoiy tarmoq vakillariga oʻz minnatdorchiligimni bildiraman.

 

Bu hodisadan toʻgʻri xulosa qilib, biz Oʻzbekiston taraqqiyotini davrimizning global muammolari bilan yanada bogʻliq holda koʻrishimiz kerak. Bu boradagi mavjud tahdid va muammolarni bartaraf etishga doimo tayyor turishimiz kerak.

 

Tinch-osoyishta hayot osmondan tushmaydi. Bu hayotni qadrlash, asrab-avaylash, bu hayotni himoya qilish kerak», – Prezident.

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

//