"Yangi O‘zbekiston" kitob-albomining taqdimoti o‘tkazildi

Saqlash
23:08 / 23.08.2021 1284 0

Bugun Toshkentdagi «Hyatt Regency» mehmonxonasida O‘zbekiston mustaqilligining 30 yilligiga bag‘ishlab chop etilgan «Yangi O‘zbekiston» kitob-albomining taqdimoti bo‘lib o‘tdi.


Tadbirda davlat va jamoat arboblari, yozuvchi-adiblar, jurnalistlar hamda keng jamoatchilik qatnashdi.

Mazkur kitob-albom turli vazirlik va idoralar mutaxassislari, fotomuxbirlar hamda AOKA mas’ul xodimlaridan iborat ijodiy jamoa tomonidan nashrga tayyorlandi. Unda istiqlol yillarida, ayniqsa, keyingi besh yilda yurtimizda yangi davlat va jamiyat qurish yo‘lida amalga oshirilgan va oshirilayotgan ulkan ishlar haqida hikoya qilinadi.

Taqdimotda Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi direktori Asadjon Xodjayev, Respublika ma’naviyat va ma’rifat markazi rahbari Minhojiddin Mirzo, Inson huquqlari bo‘yicha Milliy markaz direktori Akmal Saidov, Yozuvchilar uyushmasi raisi Sirojiddin Sayyid va boshqalar so‘zga chiqdi va kitob-albomning mazmun-mohiyati hamda ahamiyati haqida so‘z yuritdilar.

Kitob-albom “O‘ttiz yillik murakkab va sharafli yo‘l”, “Yangi O‘zbekiston – milliy taraqqiyotning yangi bosqichi”, “Davlat idoralari xalqimizga xizmat qilmoqda”, “Innovatsion asosda qayta qurilayotgan iqtisodiyot”, “Yangi O‘zbekistonni azmu shijoatli yoshlarimiz bilan birgalikda quramiz”, “Xalq va armiya – bir tan-u bir jondir”, – “Ma’naviyat – Yangi O‘zbekiston poydevori”, – “O‘zbekiston va jahon” sarlavhalari bilan nomlangan 8 ta bo‘limdan iborat. Asar o‘zbek (kirill va lotin alifbosida), rus va ingliz tillarida o‘ziga xos dizayn va yuqori poligrafik sifatda, jami 30 ming nusxada nashr etilmoqda.

Kitob-albom yaqin tariximizda kechgan voqealar, xalqimiz mardona yengib o‘tgan turli sinov va mashaqqatlar, erishilgan ulkan yutuq va natijalar haqida hikoya qiladi. Unda o‘tgan davr mobaynida respublikamiz ilgarigi iqtisodiyoti bir tomonlama shakllangan, qoloq o‘lkadan barcha sohalarda jadal rivojlanib, fuqarolarning hayot darajasi, siyosiy-ijtimoiy faolligi, ong-u tafakkuri tobora yuksalayotgan, jahon hamjamiyatining teng huquqli a’zosi sifatida uzoq-yaqindagi barcha mamlakatlar bilan do‘stlik va hamkorlik munosabatlarini keng miqyosda olib borayotgan zamonaviy, ochiq va demokratik davlatga aylangani o‘z aksini topgan.

Taqdimotda kitob-albomga bag‘ishlangan videoroliklar namoyish etildi, turli soha mutaxassislari kitob-albom haqida o‘z fikr-mulohazalarini bildirdi.

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

//