Xalq taʼlim vaziri oʻqituvchi va ota-onalarga gazeta, jurnallarga obuna boʻlishni tavsiya etdi

Saqlash
18:40 / 24.01.2022 894 0

Xalq taʼlimi vaziri Baxtiyor Saidov oʻqituvchi va ota-onalarga murojaat qildi va gazeta, jurnallarga obuna boʻlishni tavsiya qildi.

 

«Aziz ota-onalar, qadrli ustozlar!

 

Sizu bizning maqsadimiz Uchinchi Renessans maʼnaviy poydevorini barpo etish ekan uning asosida oʻqib-oʻrganishdan, oʻz ustida muntazam ishlashdan charchamaydigan avlodni tarbiyalash yotadi.

 

Har qanday yangilik negiziga oʻqib-oʻrganish orqali yetiladi va yangi gʻoyalarga zamin hozirlanadi. Buning uchun farzandlarimizda mutolaa madaniyatini shakllantirish zarurati ayonlashadi.

 

Toʻgʻri, butun dunyo elektronlashib bormoqda. Oʻrganishlarimiz shuni koʻrsatdiki, bola kompyuter yoki telefon orqali asosan surat va filmlarni tomosha qiladi. Bular tabiiy va uning qiziqishini biz ham inkor etmaymiz. Lekin bolalarga dastlab darslikdan tashqari kitoblarni ham oʻqishga tavsiya qilishimiz zarur. Mutaxassislarning maslahat berishlaricha, farzandlarga kitobdan avval gazeta va jurnallar mutolaasini oʻrgatgan maʼqul ekan.

 

Albatta, gazeta va jurnal, kitobga mehr oʻz-oʻzidan paydo boʻlib qolmaydi. Gazeta-jurnal mutolaasi bu nafaqat yangi bilimlar, balki yurtimizdagi oʻzgarishlar, dunyoda sodir boʻlayotgan voqea-hodisalarning mohiyatini anglashga, eng asosiysi, yoshlarni tahlilga oʻrgatadi.

 

Buning uchun oldimizda turgan vazifalarni belgilab olishni lozim topdik. Avvalo, muallimning oʻzi barchaga ibrat boʻlib oʻzi uchun eng zaruriy nashrlarni oʻqib, yangi dars metodikalarini oʻrganib, tahliliy maqolalardan tegishli xulosalar chiqarib, oʻz ustida muntazam ishlashni yoʻlga qoʻyishi zarur. Oʻqituvchilar bilim va malakasini oshirishida pedagogik nashrlarning oʻrni alohidadir.

 

Oʻzida shakllangan bu koʻnikmani muallim oʻquvchilarining ota-onalariga “yuqtirish”ga harakat qilishi va oʻz farzandlari yoshiga munosib gazeta-jurnal sotib olib berishlarini targʻib etishi, alaloqibat, oilalar davrasida mutolaa soatlari tashkil qilinishini yoʻlga qoʻyishi kelgusida gazetxon, kitobxon insonlar koʻpayishini taʼminlaydi.

 

Maktabda pedagog, uyda ota-ona bolani mutolaaga chorlasa, koʻzlagan maqsadga oson erishish mumkin. Unutmaslik kerakki, bolani mutolaa bilan tarbiyalovchi ustoz yoki ota-onalarning oʻzi ham albatta yuksak tafakkur egasi boʻlishi zarur.

 

Bolani mutolaaga oʻrgatish uning dunyoqarashi kundan-kun kengayib borishini taʼminlaydi. Bu yoʻnalishda ularga turli ilmiy va badiiy adabiyotlar bilan birgalikda bolalar nashrlari koʻmakka keladi. Mutolaa qilgan oʻsmir tarixni, bugunni va kelajakni yaxshi idrok etadigan buyuk shaxs boʻlib kamol topadi.

 

Millatimiz kelajagi, Vatanimiz ertasi - keng tafakkurli yoshlar qoʻlida. Bugun mustaqil fikr-mulohaza yuritadigan, bilimdon, zukko, barkamol avlod - ertaga Oʻzbekistonimiz taraqqiyotiga hissa qoʻshuvchi, uni dunyoga tanituvchi komil inson boʻlib yetishadi. Buning uchun, albatta, oʻgʻil-qizlarning bilim olishiga, dunyoqarashini kengaytirishga ularning kichik yoshidanoq eʼtibor qaratish lozim.

 

Xalq taʼlimi vazirligi muassisligidagi “Maʼrifat”, «Uchitel Uzbekistana», “Tong yulduzi”, “Klass” gazetalari, “Xalq taʼlimi”, “Xalq taʼlimi axborotnomasi”, “Boshlangʻich taʼlim”, “Til va adabiyot taʼlimi”, “Gʻuncha”, “Gulxan” jurnallariga oʻzi istab obuna boʻlayotgan oʻqituvchi va oʻquvchilar soni ham kamayib ketdi.

 

Bugungi kun oʻqituvchi va oʻquvchilari oʻz xohishi bilan gazeta sotib olishi, maʼnaviy olamini boyitishi, dunyoqarashini kengaytirishi oʻta muhim masaladir. Zero, nafaqat mavjud darslik hamda qoʻllanmalar, balki gazeta va jurnallar orqali bolalarga, bolalar orqali esa ularning oilasidagi kattalarga ziyo tarqatish XALQ TAʼLIMI degan nomga munosibdir.

 

Buyuk mutafakkir Mahmudxoʻja Behbudiy aytganidek, “Muallim va muharrir – millatning ikki koʻzidir”, deyiladi vazir murojaatida.

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

//