Madaniyat
Oʻzbekiston xalq shoiri Xurshid Davron 1952-yil 20-yanvarda Samarqand shahri yaqinidagi Chordara qishlogʻida tugʻilgan. Shoirning “Shahardagi olma daraxti”, “Tungi bogʻlar”, “Uchib boraman qushlar bilan”, “Toʻmarisning koʻzlari”, “Bolalikning ovozi”, “Qaqnus”, “Bahordan bir kun oldin”, “Bibixonim” singari kitoblariga kiritilgan sheʼrlar xalqimizning sevimli asarlari qatoridan joy olgan.
Bugungi kunda Xurshid Davronni oʻzbek sheʼriyatida oʻz soʻziga ega oʻnlab yosh shoirlarning ustoziga aylangan desak, yanglishmaymiz. Kecha 20-yanvar kuni shoirning 70 yillik yubileyi ijtimoiy tarmoqlarda bayramga aylandi. Oʻnlab oʻzbek ijodkorlari samimiy, katta soʻzli, ammo kamtarin shoirga tabrik yoʻlladi.
Murodjon Azimov, Qashqadaryo viloyati hokimi:
Hurmatli Xurshid Davron!
Sizni muborak 70 yoshingiz bilan shaxsan oʻzim, qolaversa, butun qashqadaryoliklar nomidan muborakbod etaman.
Siz mening sevimli adiblarimdansiz. Sizning “Qadrdon quyosh”, “Shahardagi olma daraxti“, ”Tungi bogʻlar”, “Uchib boraman qushlar bilan”, “Toʻmarisning koʻzlari”, “Bolalikning ovozi”, “Qaqnus”, “Bahordan bir kun oldini” singari sheʼriy toʻplamlaringizni ziyolilar,barcha sheʼriyat muxlislari sevib mutolaa qilishadi.
Samarqand xayoli”, “Sohibqiron nabirasi”, “Shahidlar shohi” kabi tarixiy-maʼrifiy qissalaringizda esa shonli oʻtmishimizga xos lavhalar yuksak badiiy mahorat bilan tasvirlangan.
Siz adabiyotga kirib kelayotgan yosh qalamkashlarning chinakam ustozisiz! Boy maʼnaviy dunyoni oʻzida mujassam etgan internet saytingiz ayni vaqtda mashhur virtual maskanga aylangan va men ham undan doimiy ravishda foydalanib kelaman.
Kadrli, Xurshid aka!
Aziz boshingiz omon boʻlsin! Sizga uzoq umr, sihat-salomatlik, oilaviy baxt-saodat, ijodingizga ulkan muvaffaqiyatlar tilayman.
Faxriyor, shoir:
Bugun millatimizning ulugʻ shoiri va allomasi, adabiyotimizni internet olamida targʻib qilishdan charchamayotgan ustoz Xurshid aka 70 yoshga toʻldi.
Muborak boʻlsin!
Uzoq umr va goʻzal asarlar ilhomini tilayman.
Nurulloh Muhammad Raufxon, yozuvchi:
Atoqli va sevimli shoirimiz Xurshid Davron aka xalqimizga goʻzal sheʼrlari bilan xizmat qildi, teran ilmi bilan xizmat qildi, koʻplab shogirdlar yetishtirib ijtimoiy faolligi bilan xizmat qildi. Endi shogirdlari, muxlislari ardogʻida loʻla bolishga yonboshlab, hayot gashtini sursa ham birov bir narsa deya olmaydi. Lekin Xurshid aka tingani yoʻq. Internet davri boshlanib, maʼrifat ulashishning zamonaviy imkoniyatlari paydo boʻlishi bilan fb.da “Xurshid Davron kutubxonasi”ni tashkil etib, uncha-muncha yoshlar xafsala qilmaydigan ishni boshladi – adabiyotning chinakam targʻibotchisiga aylandi.
Xolisligi shu qadarki, nafaqat ulugʻlarimiz, nafaqat tengqurlari va ukalarining ijodini qadrladi, balki yilt etgan yosh isteʼdod koʻrinsa, koʻzdan qochirmadi, tanisa-tanimasa ikki ogʻiz mehrli soʻz bilan boshini siladi, asarlarini kutubxonasiga joyladi. Bugun adabiyot olamida “Xurshid Davron kutubxonasi”ning obroʻsi baland. Obroʻ-eʼtiboriga yarasha talabi ham yuksak. Bugun asari bu kutubxonadan joy olishini orzu qilmagan ijodkor yoʻq desa boʻladi. Eʼlon etilsa, buni oʻziga sharaf deb biladi har kim! Xullas, 70 yoshingiz qutlugʻ boʻlsin, aka! Baxtimizga sogʻ-omon boʻling! Ollohdan sizga xayrli, barakali, uzun umr tilayman!
Nodira Afoqova, shoira:
Xalq shoiri Xurshid DAVRONga
Qip-qizil quyoshday
Qonagan yurak
Boʻgʻziga tiqilar, chiqar otilib,
Tongday otar shoir xoʻrlik tunida,
Jigar rang qonlardan oq nurlar eshib.
Yogʻdudan yaralgandir asl shoirlar.
Shamolday esar u
Boʻgʻilgan jonlar
Qaqshasa bir yutum havoga zor-zor.
Bir yutum nafasday,
Bir toza nafas.
Koʻz yoshlarni artar,
Supurar shoʻrin,
Havodan yaralgan asl shoirlar.
Noxush bir bashorat,
Qoʻrqinch, alagʻda
Tushlarni aytarlar titrab jonlari,
Pichirlab aytarlar.
Yolvorib, umidvor.
Uzoq-uzoqlarga olib ketar u,
Beminnat daryoday.
Kuyuk daryoday.
Kuyga aylantirar,
Gulga aylantirar,
Durga aylantirar tushlaringizni.
Suvdan yaralgandir asl shoirlar.
Bogʻlar ulgʻayajak quchoqlarida,
Togʻlar ulgʻayajak quchoqlarida,
Maʼdanlar yetilar qavatma-qavat.
Har bir zarrasida hayot va qudrat,
Zaminday toʻshalar,
Tuproqdan yaralgan asl shoirlar.
Tangrining elchisi,
Odamning asl farzandi –
Shoirlar.
Javlon Jovliyev, yozuvchi:
Oʻzbekiston xalq shoiri Xurshid Davron hayotimda muhim oʻrin tutadigan shaxs – ustoz – professional ijodkor. Shu inson tufayli koʻp narsalar oʻrgandim, kitoblar oʻqidim, yozdim. Hali hech kim tan olmagan paytlarda, yozish uchun cheksiz kuch topmoq zurur onlarda mashqlarimning chop etilishiga ishonch bergan, umid bergan inson, bu yorugʻ umidning yoshlar uchun naqadar qimmatligini adabiyot – hayot, deya tong ottiradigan insonlar yaxshi biladi.
Koʻp redaksiyalarning shundoq ham tor xonasi muharrirlarning kibrli nigohi bilan toʻlganda, yo umuman eshigini koʻzga tanish boʻlmagan, begona, urfdagi soʻz bilan aytganda – yangi yoshlar uchun ochilmaydigan qilib yopganda, muharrirlarning fahm qaychilari va tanlovlari “ishdan ketmaslik”, “tepaga yaxshi koʻrinish” , “anʼanalarga koʻr-koʻrona sodiqlik” gʻoyalari bilangina chegaralanganda, har qanday yangi fikr boʻgʻizlanayotgan bir mahalda http://kh-davron.uz sayti biz yoshlarga erkin ijod va fikr maydoni boʻldi.
Xurshid aka mashqlarimizning “qoʻl”idan tutdi, qoʻlladi, natijada biz ham ishondik “ularga”. Men shu saytda chiqish uchun hikoyalar yozdim, boshqa joyni orzu qilib emas, men uchun bu yerda chiqayotgan har bir asar juda-juda qiziq edi, hammasini maroq bilan oʻqirdim, koʻp narsa oʻrgandim, keyinchalik unda hikoyalarimning koʻrinishi ajoyib edi, saytga “qidiruv” berib, ularni topish, yana topish, yana qidirish – yoshlik havaslari bilan goʻla edi bari. Keyin keng yoʻllar ochildi...lekin hamon bu “maskan”ning oʻrni boʻlak...aziz va unutib boʻlmaydigan darajada qalbning toʻrida yonib turadi. Koʻp suhbatlar qurdik ustoz bilan, doim eshigi yoshlar uchun ochiq, bizni yozishga, tarixni oʻrganishga va anglashga, uni adabiyotga “olib oʻtish”ga undadi, millat va vatan taqdiri uchun beparvo boʻlmaslikka chaqirdi. Bular haqida koʻp yozamiz hali, juda koʻp yozamiz...Xurshid aka oʻzbek adabiyotiga shubhasiz yangi nihollar qadadi, ularni asradi, parvarishladi... Bu bir bogʻ boʻlajak, Xudo xohlasa, bir bogʻ boʻlajak...
Jontemir, shoir:
Xurshid Davron hozir deyarli yoʻqolib ketayotgan tabiat shoiri! Oxirgi yigirma yillikda yoppasiga ruhiyatga murojat qilishga oʻtib ketgan sheʼriyatimiz Xurshid Davron lirikasi, peyzaji, tabiat tasvirlariga muhtoj! Buni tushunadigan vallomat yoʻqmi?! Tagʻin birorta katta ijodkor Oʻzbekiston yosh ijodkorlarini Xurshid Davronchalik yaxshi bilmaydi! U kishi bilan poytaxt, viloyatlarda tinmay uchrashuvlar qilish, iloji boricha koʻproooq narsa olib qolish kerak. Gʻij-gʻij tarix yotibdi bu shoirning ichida! Gʻij-gʻij ilm... Umrlari uzoq boʻlsin.
Nozima Habibullayeva, shoira:
Oʻzbek adabiyotiga qadamba-qadam kelayotgan koʻplab yosh ijodkorlarning talpingan ustozisiz. Yoshlarni siz kabi bu qadar sevuvchi, qoʻllab quvvatlovchi, jonkuyar kattalarni uchratmagan edim. Siz bilan boʻladigan suhbatlarning oʻzi bir kitob. Ayni paytda sahnadagi minbarlar emas “Xurshid Davron kutubxonasi” da chiqish ijodkorlarning tom maʼnodagi minbariga aylanganini koʻpchilik yaxshi biladi. Mehringiz, samimiyatingiz, borligingiz uchun katta rahmat, ustoz. Umringiz uzoq boʻlsin! Dunyodagi jamiki yaxshi tilaklarni yoʻllayman!
Oyina.uz jamoasi ham sevimli shoirimizni tavallud ayyomlari bilan tabriklaydi! Hali koʻp asarlar, goʻzal sheʼrlar, bebaho kitoblar kutib qolamiz sizdan! Umringiz uzun boʻlsin!
Jamiyat
Jamiyat
Jamiyat
Ilm-fan
Jamiyat
Sport
Jamiyat
Jamiyat
Jamiyat
Jamiyat
//
Izoh yo‘q