Ayrim pedagoglarga samolyot va poyezd chiptalari uchun chegirma berilishi kutilmoqda

Saqlash
12:37 / 20.05.2026 13 0

Pedagoglarga O‘zbekiston bo‘ylab sayohat qilish uchun samolyot va poyezdlar chipta narxlariga chegirma berilishi mumkin. Bu haqdagi qaror loyihasi jamoatchilik muhokamasi uchun e’lon qilindi.

 

Loyihaga ko‘ra, 2026–2027-o‘quv yilidan boshlab quyidagi pedagoglarga O‘zbekiston bo‘ylab sayohat qilish uchun avia va temiryo‘l chiptalarga yilda bir marta chegirma berish tartibini doimiy asosda joriy etish taklif etilmoqda:

 

– respublika reytingida top 100 talikka kirgan umumta’lim va maktabgacha ta’lim tashkilotlari pedagoglariga;

– top 20 talikka kirgan texnikumlar pedagoglariga, top 10 talikka kirgan oliy ta’lim tashkiloti pedagoglariga.

 

Qayd etilishicha, samolyot va poyezdlar (yuqori tezlikda harakatlanuvchi poyezdlar bundan mustasno)ning erkin sotuvda bo‘lgan ekonom klass va plaskart yoki kupe tipidagi vagonlar chipta narxlarining tarif qismiga 15 foiz chegirma beriladi. Bunda sayohat to‘g‘ridan to‘g‘ri (boshqa yo‘nalishlarga o‘tkazishsiz borish va kelish uchun) amalga oshiriladi.

 

Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi, Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi “O‘zbekiston temir yo‘llari”, Uzbekistan airways’larga yuqoridagi reytingga kirgan ta’lim tashkilotlari to‘g‘risidagi ma’lumotlarni doimiy ravishda taqdim etib boradi. Ta’lim tashkilotlari rahbarlari tomonidan O‘zbekiston bo‘ylab sayohat qilish istagini bildirgan har bir pedagogga ish joyi va lavozimi to‘g‘risidagi ma’lumotnoma beriladi.

 

Loyihada keltirilishicha, ushbu imtiyoz ta’lim muassasalari o‘rtasida sog‘lom raqobatni kuchaytiradi va pedagoglar o‘z ustida yanada yaxshi ishlashiga yordam beradi.

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

//