Qirgʻizistonda energiyani tejash uchun davlat xizmatchilarining ishga kostyumsiz kelishi belgilandi

Saqlash
16:44 / 16.05.2026 11 0

Qirgʻizistonda elektr energiyasining isteʼmoli 5 yilda 25 foizdan koʻproqqa ortib, talabning oʻsishi yangi ishlab chiqarish quvvatlarini joriy etishdan-da oshib ketgan. Bu bilan bogʻliq raqamlar mamlakatning elektr energiyasi masalasiga bagʻishlangan, prezident Japarovning maxsus topshiriqlar boʻyicha vakili Bakit Toʻraboyev boshchiligidagi yigʻilishda eʼlon qilindi. Mamlakat muammoni hal etish choralaridan biri sifatida davlat xizmatchilarining kiyinish qoidalariga oʻzgartirish kiritish kiritib, bu orqali mamlakatda elektr energiyasini tejashga erishmoqchi.

 

Bosh vaziri Odilbek Qosimaliyev esa davlat xizmatchilari uchun yangi ish formasi toʻgʻrisidagi buyruqni imzoladi. Mazkur tashabbus bilan davlat xizmatchilari kostyum kiyishdan voz kechib, ishga koʻylak kiyib kelishi kerak. Bu esa davlat muassasalarida konditsionerlardan foydalanishni kamaytiradi:

 

“Hozir biz kostyumlarda ishlab, konditsionerlarni yoqamiz. Agar shunchaki koʻylak kiysak, konditsionerlarni yoqishga ham hojat qolmaydi. Energiyani tejashimiz kerak”.

 

Qirgʻiziston Bosh vaziriga koʻra, yangi qoida 14-may kunidan boshlab kuchga kirishi belgilangan:

 

“Kecha yomgʻir yogʻgani sababli sovuq edi, lekin bugun quyosh porlayapti. Ertadan boshlab Vazirlar Mahkamasining buyrugʻi toʻliq bajarilishi kerak”, dedi Odilbek Qosimaliyev.

 

Uning taʼkidlashicha, Yaponiyaning Cool Biz kompaniyasi ham 2005-yilda elektr energiyasini tejash uchun shunga oʻxshash amaliyot – liberal dress-kodni joriy qilingan.

 

“Yaponiyada shunday tajriba boʻlgan. Koʻp elektr energiyasi sarflanadigan vaqt – yozda ular shunday formaga oʻtgan: xodimlar ishga galstuksiz koʻylak kiyib kelishni boshlagan. Bu esa mamlakatning milliardlab iyenani tejashiga yordam bergan”, deydi vazir.

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

//