To‘xtash va to‘xtab turish qoidasini buzgan avtomobillar evakuatsiya qilinadi

Saqlash
15:31 / 16.05.2026 18 0

Qulay, xavfsiz va tartibli shahar yaratish ishlarining navbatdagi bosqichida yo‘llarda yangi tartib-qoidalar joriy etiladi. Mazkur chora-tadbirlar to‘xtash va to‘xtab turish qoidalarining buzilishiga nisbatan qat’iyroq amaliyotni nazarda tutadi. Bu haqda Toshkent shahrida Yo‘l harakatini tashkil etish markazi xabar berdi.


Poytaxtning turli tumanlarida avtomobillarning piyodalar yo‘laklarida, o‘tish joylari yaqinida, bekatlarda, yashil hududlarda, shuningdek, to‘xtash yoki to‘xtab turishni taqiqlovchi belgilar o‘rnatilgan joylarda qoldirilishi holatlari muntazam qayd etilmoqda. Bunday qoidabuzarliklar odamlarning xavfsiz va erkin harakatlanishiga, jamoat transporti, maxsus texnika va boshqa yo‘l harakati qatnashchilarining qatnoviga to‘sqinlik qiladi.


Ayniqsa, bunday vaziyatlar keksalar, bolalar aravachasidagi ota-onalar, nogironligi bo‘lgan shaxslar va bolalar uchun qiyinchilik tug‘diradi.


Bu kabi qoidabuzarliklarga qarshi kurashish maqsadida shaharda to‘xtash va to‘xtab turish qoidalarini buzgan holda qoldirilgan avtomobillar belgilangan tartibda evakuatsiya qilinib, maxsus jarima maydonchalariga joylashtiriladi.


Shu tariqa, ko‘chalarda tartib o‘rnatish, harakat xavfsizligini ta’minlash va shahar muhitining asosiy tamoyilini tiklash: jamoat joylarida barcha aholi uchun ochiq, xavfsiz va qulay sharoit yaratish maqsad qilingan.


Xabarda shuningdek To‘xtash va to‘xtab turish uchun joy tanlayotganda yo‘l harakati qoidalariga qat’iy rioya qiling hamda avtomobillarni taqiqlangan, piyodalar, jamoat transporti, maxsus texnika harakatiga xalaqit beradigan yoki xavfsizlikka tahdid soladigan joylarda qoldirmang, deya haydovchilar ogohlikka chaqirilgan.

 

Toshkent — aholi uchun qulay shahar. Ko‘chalardagi tartib esa umumiy makonga bo‘lgan hurmatdan boshlanadi.

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

//