“O‘tkan kunlar”ning amerikalik tarjimoni Mark Riz mualliflik huquqi bo‘yicha sudda g‘alaba qozondi

Saqlash
17:53 / 14.05.2026 92 0

Adliya vazirligi amerikalik tarjimon va sharqshunos olim Mark Riz mualliflik huquqi buzilgani yuzasidan sudda g‘alaba qozongani haqida xabar berdi.

 

Ta’kidlanishicha, 2026-yil aprel oyida Mark Riz fuqarolik ishlari bo‘yicha Uchtepa tumanlararo sudiga mualliflik huquqi buzilishi oqibatida yetkazilgan zarar uchun tovon undirish haqida da’vo arizasi kiritgan.

 

Sud qaroriga ko‘ra, O‘zbekiston davlat jahon tillari universitetining mas’ul xodimi M. Chutpulatovdan Mark Riz foydasiga bazaviy hisoblash miqdorining 50 baravari — 20 mln 600 ming so‘m miqdorida tovon undiriladigan bo‘ldi.

 

2025-yil oktabr oyida Mark Riz Abdulla Qodiriyning “O‘tkan kunlar” asarining o‘zi tomonidan tayyorlangan inglizcha tarjimasi O‘zbekistonda noqonuniy tarqatilayotganini ma’lum qilgandi. Uning aytishicha, O‘zbekiston davlat jahon tillari universitetiga taqdim etilgan nusxa skaner qilinib, muallif ruxsatisiz PDF formatida ommaga tarqalgan.

 

Riz bu holatni intellektual mulk o‘g‘irlanishi deb baholab, mualliflik huquqlariga bunday munosabat xorijiy investorlarning O‘zbekistonga qiziqishiga salbiy ta’sir qilishi mumkinligini ta’kidlagan. Holat yuzasidan O‘zDJTU munosabat bildirib, universitet intellektual mulkni himoya qilish bo‘yicha xalqaro standartlar, jumladan, Bern konvensiyasi va WIPO tamoyillariga amal qilishini bildirgan.

 

Shundan so‘ng Adliya vazirligi tomonidan O‘zbekiston davlat jahon tillari universitetida o‘rganish o‘tkazilib, huquqbuzarlik aniqlangan. Universitetning mas’ul xodimiga nisbatan Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 177¹-moddasi bilan bayonnoma rasmiylashtirilib, sudga yuborilgan.

 

Sud qaroriga ko‘ra, xodimga 2 mln 60 ming so‘m jarima belgilangan hamda asarning elektron nusxasini unilibrary.uz platformasidan o‘chirish majburiyati yuklatilgan.

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

//