O‘zbekistonda safarbarlik to‘g‘risida qonun qabul qilinmoqda

Saqlash
17:50 / 13.05.2026 70 0

Oliy Majlis Qonunchilik palatasining 13-maydagi majlisida “Safarbarlik tayyorgarligi va safarbarlik to‘g‘risida”gi qonun loyihasi birinchi o‘qishda ko‘rib chiqildi. Unga ko‘ra, safarbarlikka tayyorgarlik tadbirlarini o‘tkazish tartibi, umumiy yoki qisman safarbarlik e’lon qilish asoslari, tartibi va muddati bo‘yicha normalar belgilanmoqda.

 

Mudofaa vaziri Shuhrat Xolmuhamedovning ta’kidlashicha, qonunni qabul qilish zaruriyati quyidagi omillar bilan asoslanadi. Xususan, davlat organlari va iqtisodiyot tarmoqlari o‘rtasida safarbarlik sohasidagi munosabatlarni tartibga soluvchi yagona huquqiy asos mavjud emas. Shu bilan birga, mudofaa va xavfsizlik sohasidagi qonun hujjatlarida safarbarlik masalalari to‘liq bayon etilmagan.

 

Bundan tashqari, tinchlik davrida safarbarlik tayyorgarligini tashkil etish, safarbarlik tadbirlarini o‘tkazish, davlat organlari, iqtisodiyot tarmoqlari va aholini harbiy tajovuzga qarshi tayyorlash mexanizmlari belgilanmagan. Bu yo‘nalishda xorijiy davlatlarda, xususan, Mustaqil Davlatlar Hamdo‘stligi a’zo davlatlar amaliyotida safarbarlik tayyorgarligi va safarbarlik masalalari alohida qonun hujjati bilan tartibga solingan.

 

Qonun loyihasi oltita bob, 42 ta moddadan iborat. Loyihada quyidagilar belgilanmoqda:

 

– Safarbarlikka tayyorgarlik tadbirlarini o‘tkazish tartibi;

– safarbarlik tayyorgarligi va safarbarlik sohasida O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi, O‘zbekiston prezidenti, Vazirlar Mahkamasi, vazirlik va idoralar, mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlarining vakolatlari;

– safarbarlik tayyorgarligi va safarbarlik sohasida fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari, tashkilotlari, fuqarolarning majburiyatlari;

– umumiy yoki qisman safarbarlik e’lon qilish asoslari, tartibi va muddati bo‘yicha normalar, shuningdek, umumiy yoki qisman safarbarlik davrida harbiy xizmatga chaqirish tartibi.

 

“Safarbarlik tayyorgarligi va safarbarlik to‘g‘risidagi qonunni qabul qilish natijasida safarbarlik sohasidagi munosabatlar yagona qonun hujjati bilan tartibga solinadi. Bu esa tinchlik davrida safarbarlik tayyorgarligini tashkil etish hamda alohida davrda vazirliklar, idoralar, tashkilotlar va fuqarolarning safarbarlik shayligini ta’minlash uchun asos bo‘lib xizmat qiladi. Mamlakatimiz mudofaa salohiyati, Qurolli kuchlarimiz jangovar safarbarlik shayligini yanada oshirish bo‘yicha vazifalarni yanada sifatli bajarilishi ta’minlanadi. Mamlakat iqtisodiyotini urush holatiga o‘tkazish, davlat organlarining safarbarlik sohasidagi vakolatlari aniq belgilanadi. Eng asosiysi, davlat suvereniteti, hududiy yaxlitligi hamda aholimizning tinch hayoti ishonchli ta’minlanadi”, deydi Mudofaa vaziri o‘z nutqida.

 

Qonun e’lon qilingan kundan e’tiboran 12 oy o‘tgach kuchga kirishi belgilanmoqda. Mazkur qonun qabul qilinishi davlat byudjetidan qo‘shimcha mablag‘lar ajratishni talab qilmaydi. Qonun birinchi o‘qishda qabul qilindi.

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

//