Soliq qo‘mitasi kartadan-kartaga o‘tkazmalarni tekshirmoqda

Saqlash
10:49 / 13.05.2026 17 0

Soliq qo‘mitasi ma’lum qilishicha, yashirin iqtisodiyotni qisqartirish va soliq organlari faoliyati samaradorligini oshirish bo‘yicha choralar amalga oshirilmoqda.

 

Qo‘mita tomonidan savdo faoliyati bilan shug‘ullanuvchi ayrim xo‘jalik yurituvchi subyektlarda savdo amaliyotlari P2P — plastik kartadan plastik kartaga pul o‘tkazmalari orqali amalga oshirilayotgan holatlar tahlil qilinmoqda.

 

Davlat byudjetiga tushishi lozim bo‘lgan ayrim soliq tushumlari to‘liq shakllanmay qolayotgani sababli, yuridik shaxslarda ishlovchi rahbar xodimlarning bank kartalariga kelib tushgan mablag‘lar bo‘yicha tahliliy o‘rganishlar olib borilmoqda.

 

Aniqlangan holatlar asosida soliq hisobotlarida ko‘rsatilmagan daromadlar bo‘yicha tegishli choralar ko‘rilib, soliq to‘lovchilarga xabarnomalar yuborilmoqda.

 

Ta’kidlanishicha, bu jarayon jazolash yoki bosim o‘tkazish emas, balki yashirin aylanmalarni qisqartirish, halol raqobat muhitini yaratish va qonun doirasida ishlayotgan tadbirkorlarni qo‘llab-quvvatlashga qaratilgan. Shuningdek, tadbirkorlik subyektlari savdo tushumlarini to‘liq rasmiylashtirish va soliq hisobotlarida haqqoniy aks ettirishga chaqirilgan.

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

//