“Avvalgilarga o‘xshamas”, “Ilm iste’dodni emas, izchillikni sinovdan o‘tkazadi”, “Kalavaning uchi qayerda?” – “Ma’naviy hayot” jurnalining yangi sonida nimalarni o‘qiymiz?

Saqlash
14:01 / 07.05.2026 12 0

Yomg‘ir yog‘aloq, / Echki chaqaloq, / Boyning qizining / Qorni yumaloq.” Bu yerda boyning qizi kim? Echki nima? Aslida echki ko‘klamning timsoli, uning muqobilida qishning timsoli bo‘ri turadi. Ko‘kbo‘ri degan o‘yin bor, ko‘pkari ham deyiladi. U qish mavsumida tashkil etiladi. Ko‘pkari yozda o‘ynalmaydi. Qo‘shiqda aytilgan boyning qizi – yer timsoli. Yerga urug‘ ekildi, lekin yomg‘ir yog‘mayapti, chunki hali ko‘klam yosh – echkining chaqaloqligi shundan.” Mazkur parcha folklorshunos olim Shomirza Turdimov bilan bo‘lgan “Neki ko‘ngilda ko‘char, tabiatga ham ko‘char” suhbatidan olingan. Inson va tabiat o‘rtasidagi “nozik robitalar”ning to‘liq matni bilan “Ma’naviy hayot” jurnalining 2026-yil 1-sonida tanishing.

 

“Hayotning yo‘rig‘i hamisha shundaymi yo dunyo nihoyatda shiddat bilan rivojlanib, bizdan ilgarilab ketdimi, harqalay, qadriyatlar ancha-muncha o‘zgarib ketgandek. Shular haqda o‘ylay turib, sun’iy intellektni suhbatga tortdim. U internet sarhadlarini soniyada aylanib chiqib, sovuqqonlik bilan bo‘lsa ham bama’ni-jo‘yali gaplarni gapirdi, maslahatlar berdi. Ha, javoblar oqilona edi-yu, lekin silliqqina, u bizning inson sifatidagi taqdirimizni his etmayotgandek, kuyunmayotgandek edi.” Nodira Ofoqovaning SI (sun’iy intellekt) bilan qilgan insoniy qadriyatlar haqidagi suhbati “Avvalgilarga o‘xshamas” sarlavhasi ostida e’lon qilingan.

 

“Adabiyotimiz osmonida yulduzdek porlagan yangi avlodning paydo bo‘lishini atoqli shoir Erkin Vohidov 1980-yili zavqlanib shunday qayd etgan: Ohista, iymanib, ulug‘lar qoshida cho‘chinqirab emas, shaxdam, dadil, bamisoli to‘yxonaga kelgan o‘spirin kuyovnavkarlardek olatasir va suron bilan kirib keldi. Biz bu “bosqin”ni ko‘pdan kutgan edik, intizorlik bilan poylagan edik. Shunday kun keldi. Adabiyot darbozasini taqillatmay, shovqin-suroni bilan betakalluf kirib kelgan, boz ustiga, andak betgachopar-u kibrli mehmon qay zamonda xushnud qarshi olinibdi?” Qulman Ochilning Murod Muhammad Do‘st haqidagi “Odamzod bir kuyki, talqini ming xil” essesini mazkur sonda o‘qiysiz.

 

Jurnalning keyingi sahifalarida “Sarmishsoydan mengacha” (Sobir Jumayev), “Musiqiy tafakkur jumbog‘i” (To‘lqin Alimardonov), “Erdam boshi til” (Shodmonqul Salom), “Mashrab mozaikasi” (Abdusattor Jumanazar) maqolalarini o‘qishingiz mumkin. Shuningdek, “Muallimning begonasi bo‘lmaydi” (Faxriddin Hayit), “Sun’iy intellekt chegarasi” (Azizbek Shermatov), “Qaltis savollarga nozik javoblar” (Abduvohid Ahmadaliyev), “Eshiklar ochiq, ammo... (Abduvohid Hayit tavsiyalari) mavzularida so‘z boradi.

 

“Har bir xalq ulkan daraxtga o‘xshaydi. Uning ildizlari naqadar teran bo‘lsa, qaddi-basti ham shunga yarasha ulug‘ bo‘ladi. Ma’naviyat xalqning ana shunday o‘q tomiridir. Bu ildizlardan suv ichgan avlod aslo kam bo‘lmaydi. Ko‘zlagan murodiga ham shu quvvat bilan yetib keladi.Ushbu parchani jurnalning mazkur soniga xulosa o‘rnida keltirdik. “Ma’naviy hayot”ni mutolaa qiling, xalqning o‘q ildizlaridan suv ichgan avlod safida bo‘ling.

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

//