Madaniyat
“Hayot mohiyati, borliq haqiqatini anglashga intilgan odamzod azaldan “Men kimman o‘zi?” degan cho‘ng savolga javob izlagan. Gyotening murakkab va serqirra qahramoni bo‘lmish Faust tilida yangragan “Hayotim ne, mening o‘zim kimman?” degan savol butun asarning mag‘zi, javhari desak yanglishmaymiz. O‘z “meni”ni topmoq ulkan baxt, aslida. Chunki “men”lar birlashib, “biz”ni vujudga keltiradi. Shu tariqa inson ruhidan millat ruhi, inson falsafasidan xalq falsafasi shakllanadi. Sirasini aytganda, biz o‘z onaMIZni, VataniMIZni, uyiMIZni, shoiriMIZni, kecha va buguniMIZni tanishimiz, anglashimiz – MA’NAVIYATdir.” “Qiblanamomiz mili raso bo‘lsin” suhbatida ma’naviyatning mohiyati, o‘zlikni anglash, inson bo‘lib yashash shartlari haqida so‘z boradi. Respublika Ma’naviyat va ma’rifat markazi rahbari, siyosiy fanlar doktori Otabek Hasanov bilan bo‘lgan suhbatning to‘liq matnini “Tafakkur” jurnalining 2026-yil 1-sonida o‘qing.
“Biroq ko‘p hollarda xo‘jayin qulni o‘zi xohlagan nom bilan atab, qul esa xo‘jasining ismi-yu unvonlarini to‘liq aytishga jon-jahdi bilan harakat qilgani kabi, hozirgi kunda biz har bir millat kishisining oti-zotini, shahr-u qishlog‘i, buyum-qurolining nomini o‘sha tildagi kabi yozadigan bo‘lib qoldik: butun dunyo Maskov desa biz Moskva deymiz; Olmaotani – Almati, Chimkentni – Shimkent deb yozadigan, Bokuni – Baku, Ozarboyjonni – Ozarbayjon deb yozishga o‘tib olgan savodsiz labbaygo‘ylarimiz bor. Nimagadir tilimizni burab bo‘lsa ham ekspluatatsiya kabi qiyin so‘zlarni aytishga chiranamiz. Adabiy tilimiz turkona o‘zlikni saqlashga emas, tobelikka moyil, o‘zga til xossalariga moslashuvchan til bo‘lib qoldi.” Yuqorida keltirilgan parcha Zuhriddin Isomiddinovning “Tiriklikka tashna tilim” maqolasidan olingan. Uning to‘liq matni bilan jurnal sahifalarida tanishasiz.
“Siyosiy mifologiyaning uchinchi turi – xaloskor qahramon to‘g‘risidagi uydirma. Go‘yoki mamlakat halokat yoqasiga kelib qolgan edi. Xaloskor qahramon, ya’ni yangi rahbar kelib, mamlakatni, xalqni xalokatdan qutqaradi. Mazkur g‘oya “xaloskor” rahbar shaxsini ulug‘lash, uning har bir so‘ziga, siyosatiga avom xalqni to‘liq bo‘ysundirish, bunday rahbar mamlakat va millat uchun Xudoning marhamati ekanini omma ongiga singdirish uchun kerak. Ana shunday uydirmalar ba’zi bir mahalliy rahbarlarga nisbatan ham cheklangan miqyosda qo‘llanadi.” Jurnalning “Yangi asr muammolari” ruknida Abdurahim Erkayevning “Haqiqatning soyasi” maqolasini o‘qiysiz. Unda manipulyativ texnologiyalar, ijtimoiy qo‘rquv, ratsional va irratsional ta’sir, mafkuraviy kurashlar haqida so‘z boradi.
Jurnalning keyingi sahifalaridan “Ildizidan uzilgan og‘och” (Baxtiyor Omonov) maqolasi, “Bir qo‘ng‘iroq savdosi” (Gabriel Garsia Markes), “Ota ko‘ngli” (Muhammad Ali) hikoyalari, “Dilporalar” (Mansur Jumayev) to‘rtliklari, “Qodiriyga tazmin va ta’zim” (Nodira Ofoq) essesi, “Jazo jozibasi” (Maqsud Asadov) mutolaasi hamda “Qaydasan, mo‘jizakor nekbinlik?..” (Viktor Alimasovga yozuvchi Xurshid Do‘stmuhammaddan ochiq xat) o‘rin olgan. Jurnalning talqin va tadqiqotlar ruknida “Qamoqxonada tug‘ilgan “Vijdon tavbasi” (Mehribon Yodgorova), “Boburning tolesiz nabirasi” (Sherxon Qorayev), “To‘pqopi: tarix va tamaddun” (Jasutbek Ahmedov), “Jarqo‘ton ibodatxonasi jumbog‘i” (Ahrorjon Abdug‘aniyev) maqolalari e’lon qilingan.
“Qonunlar jism bo‘lsa, ma’naviyat uning ruhidir. Qonun “mumkin” va “mumkin emas”ning chegarasini ajratib beradi, jazo choralarini tayin etadi. Ma’naviyat esa inson botinidagi muhofiz o‘laroq “to‘g‘ri” va “noto‘g‘ri”ning sarhadlarini belgilaydi. Vijdon uyg‘oqligi degani ham shu. Chegaralardagi askarlar-ku doim sergak, hushyor; botinimizdagi qo‘riqbon-chi – u ham uyg‘oqmi, mabodo pinakka ketmaganmi?..” “Qiblanamomiz mili raso bo‘lsin” suhbatidan olingan ushbu parchani jurnalning mazkur soniga xulosa o‘rnida keltirdik. “Tafakkur” bilan qalbingiz milini to‘g‘rilab boring.
Jamiyat
Jamiyat
Jamiyat
Jamiyat
Iqtisod
112168
Jamiyat
94850
Jamiyat
90922
Jamiyat
75707
Jamiyat
//
Izoh yo‘q