Jamiyat
Aytilishicha, 13-apreldan e’tiboran Qozog‘istonga ko‘chib o‘tgan Rossiya va Ukraina fuqarolari, jumladan, qandoslar (xorijda yashagan etnik qozoqlar) yashash guvohnomasi (VNJ)ni olish uchun ariza topshirishda rad javoblarini ola boshladi.
Relokantlarning Telegram chatlarida keltirilishicha, deyarli hech kim qozoq tilini bilish bo‘yicha joriy etilgan majburiy testdan o‘ta olmagan. Yashash guvohnomasiga talabgorlarning xabar berishicha, saytda talab qilinadigan tilni bazaviy bilish bo‘yicha A1 darajasi o‘rniga endi B2 darajasi so‘ralmoqda. Yashash guvohnomasini olish qoidalari o‘zgargani haqida hech qayerda rasmiy tasdiq paydo bo‘lmagan.
Olmaota migratsiya xizmati suhbatda vaziyatga izoh berishdan bosh tortgan, biroq ayni paytda Ostonada maslahatlashuvlar ketayotganini ta’kidlagan.
Bir necha hukumat mulozimlari bilan bo‘lgan suhbatlardan ma’lum bo‘lishicha, Qozog‘istonning migratsiya siyosatida haqiqatan ham jiddiy o‘zgarishlar yuz bergan. Chet elliklarga yashash guvohnomasini berish uchun endi Mehnat va aholini ijtimoiy muhofaza qilish vazirligi mas’ul hisoblanadi.
13-fevraldan vazirlik “raqamli skoring” deb ataluvchi tizimni joriy etgan — bu Qozog‘istonda doimiy yashashni istagan barcha chet el fuqarolarini istisnosiz to‘lov qobiliyati va ishonchliligini baholovchi avtomatlashtirilgan tizimdir. Uning doirasida har bir immigrant birinchi navbatda qozoq tilini bilish bo‘yicha B1 darajasiga (matnlarning asosiy g‘oyalarini tushunish, tanish mavzularda muloqot qilish) muvofiq keladigan test topshirishi shart.
Xabarda yana bir qator yangiliklar joriy etilayotgani haqida so‘z boradi. Jumladan, arizani endi hukumat tomonidan ustuvorligi belgilangan yettita hududdan biriga topshirish mumkin. Gap Oqmo‘la viloyatining ayrim tumanlari, Abay viloyati, shuningdek, Sharqiy Qozog‘iston, Qo‘stanay, Pavlodar, Shimoliy Qozog‘iston va Ulitau viloyatlari haqida bormoqda.
Aholisi 1 milliondan ortiq bo‘lgan shaharlar — Olmaota, Ostona va Chimkent — ustuvor hududlar sirasiga kirmaydi, shu sababli ular Qozog‘istonda yashash guvohnomasiga talabgorlar uchun amalda yopilmoqda. Shuningdek, yashash guvohnomasiga da’vogarlarning mahalliy ijro etuvchi organlarda maxsus suhbatdan o‘tishi ham muhim hisoblanadi.
“Shunga ko‘ra, agar nomzod skoringning barcha bosqichlaridan muvaffaqiyatli o‘tsa, unga bildirishnoma beriladi va shu asosda u Qozog‘iston Respublikasida doimiy yashash joyini rasmiylashtirish uchun migratsiya xizmatiga hujjatlarini topshirishi mumkin”, — deya qayd etdi DW suhbatdoshlari.
Qozog‘iston migratsiya siyosatining yangi qoidalari rasman e’lon qilinishi kechikishiga nima sabab bo‘lganini nashrga hech kim tushuntirmagan. Shu bilan birga, yaqin kunlarda yashash guvohnomasini olishning yangilangan qoidalari bo‘yicha barcha tafsilotlar Qozog‘iston hukumatining rasmiy resurslarida va OAVlarda e’lon qilinishi ta’kidlangan.
Yangi qoidalar barcha chet elliklarga istisnosiz — nafaqat rossiyaliklar yoki ukrainaliklarga, balki qo‘shni Markaziy Osiyo davlatlari hamda so‘nggi paytlarda Qozog‘iston shaharlarida soni sezilarli darajada oshgan Xitoy fuqarolariga ham tegishli bo‘ladi.
Jamiyat
Jamiyat
Jamiyat
Siyosat
Jamiyat
Siyosat
112154
Jamiyat
94838
Jamiyat
90900
Jamiyat
75688
Jamiyat
//
Izoh yo‘q