Haqiqatdan ham badiiy va mazmunan sayoz – Firdavs Abduxoliqov tanqidlarga sabab boʻlayotgan seriallar boʻyicha izoh berdi

Saqlash
19:53 / 20.01.2022 1012 0

Ijtimoiy tarmoqlarda “Sevimli” telekanalida efirga uzatilayotgan “Sabriya” serialidagi axloqsiz sahna aks etgan kadr tarqaldi. AOKA holat nazoratga olinib, tekshiruv ishlari boshlanganini maʼlum qilgan edi.

 

Bundan tashqari, Saida Mirziyoyeva ham ushbu serialni tanqid qilib, badiiy kengashlar va mutasaddi tashkilotlarni bu kabi kontentga qonun va etika nuqtayi nazaridan xulosa berishga chaqirdi.

 

Shundan soʻng telekanal rahbari Amira Rashidova serial atrofida boʻlayotgan gap-soʻzlarga munosabat bildirdi va serial voqealari real hayotdan olinganini maʼlum qildi.

 

Oʻzbekiston Kinematografiya agentligi Bosh direktori Firdavs Abduxoliqov milliy seriallar boʻyicha izoh berdi.

 

«Bugungi kunda barcha telekanallarda milliy seriallarning soni koʻpayganligiga guvoh boʻlmoqdamiz. Tan olish lozimki, ayni paytda nodavlat telekanallari efiriga uzatilayotgan milliy seriallarning badiiy va gʻoyaviy mazmuni talab darajasida emasligi koʻzga tashlanmoqda. Bir qator seriallar soʻnggi vaqtlarda ijtimoiy tarmoqlarda tomoshabinlar tomonidan tanqidiy muhokama etilganligi fikrimizning yaqqol dalilidir.

 

Serial janr sifatida endi-endi ommalashib bormoqda. Teleijodkorlarimizda bu borada zarur tajriba va koʻnikmalar hali tugal shakllanmagan desak, mubolagʻa boʻlmaydi. Buning uchun esa vaqt, mablagʻ va malakali kadrlar zarur. Shu bois sohaga Hukumatimiz tomonidan alohida eʼtibor qaratilib, ushbu muammolarni tizimli hal etish boʻyicha salmoqli qadamlar qoʻyildi.

 

Oʻtgan 2021-yilda Kinematografiya agentligi tomonidan davlat buyurtmasi asosida telekanallar bilan hamkorlikda shifokorlarning zahmatli faoliyatiga bagʻishlangan “Najotkorlar” (Zoʻr TV) hamda “Orzular palatasi” (Sevimli TV), mahalla hayoti va tadbirkorlik mavzusidagi “Qodirxon” (Mening yurtim), shuningdek, “Mahalla”, “Tuzoq”, “Dard” va “Alvido bolalik” singari boshqa bir qator seriallar suratga olindi va olinmoqda. Shu bilan bir qatorda davlat buyurtmasi asosida suratga olingan “Behbudiy”, “Said va Saida”, “Avloniy”, “Qoʻqon shamoli”, “Sumbul” singari oʻnga yaqin badiiy filmlarning serial versiyasini ham yaratib, barcha telekanallarga bepul taqdim etildi. Lekin shuni alohida taʼkidlashimiz lozimki, Agentlik tomonidan amalga oshirilgan ishlar yetarli emasligini sezmoqdamiz.

 

Keyingi kunlarda ijtimoiy tarmoqlarda bahs-munozaralarga sabab boʻlgan “Sevimli” telekanalida namoyish etilayotgan “Sabriya” seriali haqiqatdan ham badiiy va mazmunan sayoz . Bu rejissyorning dastlabki ishlaridan biri ekanligiga qaramasdan telekanal Badiiy kengashi zarur darajada oʻz taklif, tavsiya va amaliy yordam bermaganligi maʼlum boʻldi. Jamoatchilik va teletomoshabinlarning bu serialga nisbatan bildirilayotgan tanqidiy fikrlarini telekanali taʼsischilari va ijodiy jamoasi albatta inobatga olib, zarur tashkiliy chora-tadbirlarni koʻrishi darkor.

 

Nodavlat telekanallari efirida uzatilayotgan va tomoshabinlar tomonidan tanqid qilinayotgan seriallarning asosiy qismi xususiy prodakshn studiyalari tomonidan ishlab chiqilgan. Kelgusida mazkur studiyalar bilan hamkorlikda ishlashimiz, ularning tadbirkorlik faoliyatiga aralashmasdan, ammo, suratga olinayotgan kino mahsulotlarini badiiy va gʻoyaviy mazmunini baholaydigan maxsus konsultativ Badiiy kengash tashkil etish zarurati yaqqol koʻzga tashlandi. Ushbu tavsiyaviy xarakterga ega Kengashga kino sanʼati sohasidagi malakali, yetuk va professional mutaxassislar jalb etilishini taklif qilaman.

 

Hozirda kuzatilayotgan kamchiliklarni oldini olish uchun, biz bu jarayonda barcha telekanallar va xususiy prodakshn studiyalar bilan milliy seriallar ishlab chiqarish borasida hamkorlikni yanada kuchaytirish, endilikda son emas seriallar sifatiga alohida eʼtibor qaratamiz.

 

Eng muhimi, xalqimizning maʼnaviy ehtiyojlarini qondiradigan, badiiy mazmuni yuqori, gʻoyaviy jihatdan milliy manfaatlarimizga javob beradigan seriallarni tayyorlash boʻyicha maxsus dastur loyihasini ishlab chiqib, Hukumatimizga kiritish asosiy vazifamiz hisoblanadi», deya izoh bergan Firdavs Abduxoliqov.

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

//