Prezident Temuriylar tarixi davlat muzeyiga tashrif buyurdi

Saqlash
15:05 / 09.04.2026 44 0

Prezident Shavkat Mirziyoyev Amir Temur tavalludining 690-yilligi munosabati bilan rekonstruksiya qilingan Temuriylar tarixi davlat muzeyiga tashrif buyurdi.

 

Maʻlumki, Movarounnahrni yagona davlat sifatida birlashtirgan Sohibqiron poytaxti Samarqand boʻlgan qudratli saltanat tuzdi. Oʻzining dunyoga mashhur “Temur tuzuklari” orqali davlatni boshqarishning huquqiy mezonlarini belgilab berdi. Ilm-fan va madaniyat rivojiga ham beqiyos hissa qoʻshib, Ikkinchi uygʻonish davri – temuriylar Renessansiga asos soldi.

 

Ushbu ulugʻ zot tavalludining 690-yilligini keng nishonlash maqsadida joriy yil 5-fevral kuni Prezidentimizning tegishli qarori qabul qilindi.

 

Hujjatga koʻra, har yili aprel oyi “Amir Temur oyligi” deb eʼlon qilinib, taʼlim muassasalari, ilmiy markazlar va mahallalarda temurshunos olimlar, yozuvchi va sanʼatkorlar ishtirokida uchrashuvlar, davra suhbatlari va maʼrifiy tadbirlar oʻtkaziladi.

 

Qaror ijrosi doirasida dunyodagi mashhur muzeylarning eng ilgʻor tajribalarini qoʻllagan holda Temuriylar tarixi davlat muzeyi binosi rekonstruksiya qilindi, zamonaviy jihozlar bilan taʼminlandi. Raqamlashtirish orqali imkoniyatlari kengaytirilib, ekspozitsiyalari yangilandi, jumladan, xorijdagi toʻplamlardan xarid qilingan eksponatlar bilan boyitildi.

 

Jumladan, muzeyning birinchi qavatida “Buyuk Sohibqiron – Ikkinchi Renessans asoschisi” boʻlimi tashkil etildi. Ikkinchi qavatda esa sunʼiy intellekt va “aqlli” texnologiyalar asosida Amir Temur davri va temuriylar haqida interaktiv ekspozitsiyalar joylashgan. Shuningdek, 3D formatdagi eksponatlar hamda xaritalar namoyish qilingan.

 

Davlatimiz rahbari Temuriylar tarixi davlat muzeyining yangilangan ekspozitsiyasi va tashrif buyuruvchilar uchun yaratilgan sharoitlar bilan tanishar ekan, ajdodlar merosini oʻrganish, asrab-avaylash va targʻib etishning naqadar muhim ekaniga urgʻu berdi.

 

“Dunyo havas qilgulik tariximiz, merosimiz bor. Sohibqiron tarixini jamlagan muzey zamonga munosib yangi qiyofaga kelgani yaxshi boʻldi. Endi buni aholimizga, yoshlarga, xorijlik mehmonlarga yetkazish eng katta vazifamiz. Yangi Oʻzbekistonni yuksaltirish uchun kerakli bilimlarni qayerdan olish mumkin desangiz, bularning barchasi – ajdodlarimiz qoldirgan merosda, ilmda. Shu bois, yoshlarimizni, nuroniylarni, umuman, aholimizni mahallabay tarzda muzeylarga olib kelib, buyuk tariximiz haqidagi bilimlarini oshirishimiz lozim”, dedi davlatimiz rahbari.

 

Prezident Shavkat Mirziyoyev tashrif asnosida Temuriylar tarixi davlat muzeyining mehmonlar kitobiga dastxat qoldirdi.

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

//