Siyosat
Prezident Shavkat Mirziyoyev Toshkent shahridagi Amir Temur xiyoboniga tashrif buyurib, ulugʻ vatandoshimiz, mashhur davlat arbobi, yengilmas sarkarda, ilm-fan, madaniyat va sanʼat homiysi Sohibqiron Amir Temur haykali poyiga gulchambar qoʻydi.
Shu kunlarda Oʻzbekistonda katta bayram – Amir Temur bobomizning 690-yilligi keng nishonlanmoqda. Ushbu qutlugʻ sana munosabati bilan mamlakatimizda koʻplab maʼnaviy-maʼrifiy, ilmiy va madaniy tadbirlar oʻtkazilmoqda.
Amir Temur XIV asrda, gʻoyat murakkab bir davrda yurtimiz hududida milliy davlatchilikni qayta tiklab, vatan ozodligi yoʻlida ulkan jasorat koʻrsatgan buyuk tarixiy shaxsdir. U asos solgan qudratli saltanat jahon sivilizatsiyasi tarixida oʻchmas iz qoldirgan. Sohibqironning hayoti va faoliyati salkam yetti asrdan buyon dunyo olimlari tomonidan katta qiziqish bilan oʻrganib kelinmoqda.
Keyingi yillarda mamlakatimizda Amir Temur va temuriylar merosini chuqur oʻrganish, uni yurtimiz va xalqaro miqyosda keng targʻib etishga alohida eʼtibor qaratilmoqda. Shu maqsadda Amir Temurning 690-yilligi munosabati bilan alohida qaror qabul qilinib, keng koʻlamli ishlar amalga oshirilmoqda.

Jumladan, har yil aprel oyini mamlakatimizda Amir Temur oyligi sifatida oʻtkazish belgilandi. Ijodkorlar tomonidan yangi ilmiy va badiiy kitoblar, film va spektakllar, tasviriy sanʼat asarlari yaratilmoqda. Xususan, mashhur “Temur tuzuklari” asari yangitdan nashr etildi. Yurtimizda ulugʻ bobomiz nomi bilan atalgan davlat mukofotlari, maydon va xiyobonlar, taʼlim va madaniyat maskanlari mavjud. Hududlardagi “Temurbeklar maktablari” esa yoshlarni Vatanga sadoqat ruhida tarbiyalashda oʻziga xos namuna boʻlib xizmat qilmoqda.
Oʻzligimizni anglash, boy tariximizni tiklash va ajdodlarimiz merosini kelajak avlodga yetkazish maqsadida keyingi yillarda yirik maʼnaviy-maʼrifiy maskanlar barpo etildi. Toshkentda Islom sivilizatsiyasi markazi, Samarqandda Imom Buxoriy majmuasi bunyod etildi. Shular qatorida bundan 30-yil oldin qurilgan Temuriylar tarixi davlat muzeyi ham zamonaviy talablar asosida tubdan qayta taʼmirlandi. Endi ushbu maskan ilm-u maʼrifat, innovatsion tafakkur, yangi gʻoyalar va tadqiqotlar markaziga aylanmoqda. Bu yerda barcha zarur sharoitlar yaratilgan boʻlib, mazkur dargoh el-yurt, ayniqsa, yosh avlodni milliy gʻurur va vatanparvarlik ruhida tarbiyalashga xizmat qiladi.
Tadbir davomida Amir Temur xotirasiga yuksak ehtirom koʻrsatilib, haykali poyiga gullar qoʻyildi.
Maʼlumki, Sohibqiron Amir Temur qayerda boʻlmasin, bogʻ-u rogʻlar barpo etishga, har bir qarich yerni obod qilishga katta ahamiyat qaratgan. Ana shu bunyodkor anʼanalarning uzviy davomi sifatida Amir Temur xiyobonida ham katta obodonlashtirish ishlari amalga oshirildi.
Tadbir yakunida Prezident Shavkat Mirziyoyev xiyobonda koʻchat ekdi.
Siyosat
Jamiyat
Siyosat
Siyosat
Sport
Jamiyat
112116
Jamiyat
94799
Jamiyat
90845
Jamiyat
75642
Jamiyat
//
Izoh yo‘q