Siyosat
Prezident Shavkat Mirziyoyev 8-aprel kuni Toshkent viloyatida amalga oshirilayotgan islohotlar natijadorligi hamda kelgusidagi ustuvor vazifalar yuzasidan yigʻilish oʻtkazdi.
Davlat rahbari Toshkent viloyati poytaxtga yaqin joylashgani uchun bu yerda yashovchi aholi ish oʻrinlari, daromad va turmush sharoiti ham Toshkent shahri darajasiga munosib boʻlishini kutishini taʼkidladi. Shu bois, viloyat tadbirkorlik va biznes muhitini yaxshilash, sanoat, xizmat koʻrsatish va qishloq xoʻjaligini rivojlantirish borasida namuna boʻlishi lozimligi koʻrsatib oʻtildi.
Soʻnggi yillarda hududda keng koʻlamli ishlar amalga oshirildi. Xususan, 2024-2025-yillarda viloyat uchun 23 ta qaror qabul qilinib, ular doirasida budjet, bank kreditlari va xorijiy investitsiyalar hisobidan yirik resurslar yoʻnaltirildi. Shu davrda 14 ta yangi sanoat zonasi tashkil etildi, 115 ta investitsiya loyihasi amalga oshirildi, 237 ta yangi eksportchi paydo boʻldi va 300 mingdan ortiq yangi ish oʻrni yaratildi.
Umuman, 2025-yilda viloyatning yalpi hududiy mahsuloti hajmi 7,1 foizga, sanoat mahsulotlarini ishlab chiqarish 6,6 foizga, qishloq xoʻjaligi 4,2 foizga, xizmat koʻrsatish sohasi 15,2 foizga, qurilish-pudrat ishlari hajmi 9,8 foizga oʻsdi.
Bundan buyon tumanlar salohiyatini sunʼiy intellekt yordamida tahlildan oʻtkazib, sanoat, investitsiya va eksport boʻyicha yangi imkoniyatlarni aniqlash zarurligi qayd etildi. Bu ishlar samarasini yanada oshirish uchun viloyatda “Raqamli taraqqiyot – sunʼiy intellekt markazi”ni ochish taklifi qoʻllab-quvvatlandi.
Viloyatda sanoatni boshqarish boʻyicha yangi tizim joriy etilayotgani, hokimning sanoat masalalari boʻyicha oʻrinbosariga investitsiya va eksportni koʻpaytirish, tayyor va yarim tayyor mahsulotlar ulushini oshirish boʻyicha aniq samaradorlik koʻrsatkichlari belgilanishi aytildi.
Sanoatdagi qoʻshimcha oʻsish manbalari sifatida qator yangi loyihalar koʻrsatib oʻtildi. Jumladan, Angren shahrida keramik va keramogranit plitka ishlab chiqarish, Yangiyoʻl tumanida “Tinchlik” kichik sanoat zonasi, Parkent tumanida “Parkent Pharm” erkin iqtisodiy zonasi, Oʻrta Chirchiq tumanida mebelchilikka ixtisoslashgan klaster, qoʻziqorin yetishtirish va shirin makkajoʻxori ishlab chiqarish, Yangiyoʻlda turkiyalik sarmoyador ishtirokida baliqchilik majmuasi, Nurafshon shahrida toʻqimachilik va trikotaj mahsulotlari ishlab chiqarish loyihalari amalga oshirilayotgani qayd etildi.
Parrandachilikni rivojlantirish boʻyicha Oqqoʻrgʻon va Ohangaron tumanlarida yiliga 30 ming tonna parranda goʻshti yetishtirish quvvatiga ega, qiymati 45 million dollarlik loyihalar amalga oshiriladi. Qayd etilganidek, piyoz va sarimsoqdan gektariga olinayotgan daromad gʻalladan bir necha oʻn barobar yuqori. Shuning uchun Ohangaronda gʻalla maydonlarini yuqori daromadli ekinlarga bosqichma-bosqich oʻtkazish taklifi maʼqullandi.
Qisqa vaqt ichida Boʻstonliqdagi “Amirsoy” qishki kurort majmuasi va “Beldersoy resort” maskani xalqaro darajadagi turizm markazlariga aylangani qayd etildi. Endilikda shunday loyihalarni Parkent, Gʻazalkent, Ohangaron va Angrenning togʻli hududlarida ham amalga oshirish mumkinligi koʻrsatib oʻtildi. Masalan, Parkentda “Oltin bel” choʻqqisi va unga tutash hududda mehmonxona, “shale” uslubidagi uylar, dam olish va koʻngilochar majmualarni oʻz ichiga olgan togʻ-changʻi kurort zonasi, Ohangaron tumanida esa “Moviy togʻlar” dam olish oromgohi negizida zamonaviy turizm majmuasi tashkil etiladi.
Shuningdek, Angren shahrining Lashkarak va Yangiobod hududlarida “turizm qishloqlari”, Bekobod tumanida ekologik va ov turizmi, Parkent tumanida “Kumushkon” turizm majmuasi hamda Parkentsoyda oilaviy dam olish maskanlari va mehmon uylarini tashkil etish rejalashtirilgan. Joylashtirish vositalari quvvatini 35,5 ming oʻringa yetkazish koʻzda tutilgan.
Yigʻilishda yirik ijtimoiy va innovatsion loyihalar ham koʻrib chiqildi. Jumladan, Yuqori Chirchiq tumanida 400 gektar maydonda qiymati 5 milliard dollar boʻlgan “Tashkent Medical Smart City” xalqaro innovatsion tibbiyot shaharchasini barpo etish rejasi muhokama qilindi. Shu bilan birga, Nurafshon shahrida 35,4 million dollarlik Kelajak texnologiyalari markazini tashkil etish, 100 dan ortiq xorijiy AT kompaniyani jalb qilish va xizmatlar eksportini yiliga 20 million dollarga yetkazish, 670 oʻrinli koʻp tarmoqli tibbiyot klasteri, ijtimoiy muassasalar markazi, viloyat davlat arxivi binosi kabi loyihalar koʻrib chiqildi.
Yigʻilish yakunida Prezident mutasaddilarga viloyat islohotlar shtabi bilan birgalikda mavjud salohiyatdan toʻliq foydalanib, yangi ish oʻrinlari yaratish, aholi daromadlarini oshirish va yashash sharoitini yaxshilashga qaratilgan har bir dastur va loyihaning aniq natija berishini taʼminlash yuzasidan topshiriqlar berdi. Toshkent viloyatini kambagʻallik va ishsizlikdan xoli hududga aylantirib, boshqa hududlar uchun namuna koʻrsatish masʻullar faoliyatining eng ustuvor vazifasi boʻlishi belgilandi.
Siyosat
Sport
Jamiyat
Jamiyat
Jamiyat
Siyosat
112116
Jamiyat
94799
Jamiyat
90840
Jamiyat
75639
Jamiyat
//
Izoh yo‘q