Hayvonlarga shafqatsiz munosabatda boʻlganlik uchun javobgarlik choralari kuchaytiriladi

Saqlash
18:08 / 04.04.2026 26 0

Oʻzbekistonda hayvonlarga nisbatan shafqatsiz munosabat soʻnggi yillarda kamayganiga qaramasdan, bu kabi noxush holatlar hamon uchrab turibdi. Eng achinarlisi, ushbu harakatlar mutlaqo asossiz, shunchaki koʻngilxushlik uchun sodir etilmoqda.

 

Joriy yil 25-mart kuni hayvonlarga shafqatsiz munosabatda boʻlganlik uchun javobgarlik choralarini kuchaytirishga oid qonun qabul qilindi. Endilikda hayvonlarga shafqatsiz munosabatda boʻlgan shaxsga nisbatan bazaviy hisoblash miqdorining 15 baravaridan 25 baravarigacha miqdorda jarima solishga yoki 15 sutkagacha maʼmuriy qamoqqa olishga sabab boʻladi.

 

Oʻzbekiston Ekologik partiyasining Oliy Majlis Qonunchilik palatasidagi fraksiyasi deputatlari tomonidan tizimli huquqiy yechim sifatida “Hayvonlarni shafqatsiz munosabatdan himoya qilish toʻgʻrisida”gi qonun loyihasi ishlab chiqilmoqda.

 

Qonun loyihasi koʻplab xorijiy mamlakatlarning shu yoʻnalishdagi ijobiy tajribasi asosida ishlab chiqilib, unda faqat jazo masalasi emas, balki muammoning ildiziga taʼsir qiluvchi choralar nazarda tutiladi, jumladan:

 

– hayvonlarga nisbatan shafqatsiz munosabat hisoblanadigan xatti-harakatlarni qonun bilan aniq belgilash va ushbu harakatlarni qatʼiy taqiqlash;

 

– hayvonlarga nisbatan shafqatsiz munosabatda boʻlish harakatlari uchun jinoiy javobgarlikni qayta koʻrib chiqish, bunda bazaviy hisoblash miqdorining 200 baravarigacha jarima qoʻllash yoki 1 yilgacha ozodlikdan mahrum qilish (amaldagi 50 barobargacha va 6 oy ozodlikdan mahrum qilish);

 

– aybdor shaxslarga javobgarlik qoʻllanilishi bilan birga hayvonlarga yetkazilgan jarohatlar uchun aybdor hayvonni sogʻligini tiklash bilan bogʻliq veterinariya xarajatlarini toʻliq qoplashi shartligini belgilash (hatto bu xarajatlar hayvonning bozor qiymatidan ancha yuqori boʻlgan holatlarda ham);

 

– hayvonlar bilan jamoat joylarida boʻlish uchun qulay muhitlarni (Pet-friendly) tashkil etish, jumladan koʻzi ojizlarga hamrohlik qiluvchi itlar (it-yoʻlboshlovchilar) va emotsional koʻmakchi hayvonlarni jamoat transportida olib yurishda imtiyoz berishni qonuniy mustahkamlash;

 

– hayvonlar egalarining ularni himoya qilish, veterinariya xizmatlarini koʻrsatishni tashkil etish, qarovsiz qoldirmaslik kabi majburiyatlarini belgilash, hayvonlarni tashlab ketish holatlariga barham berish;

 

– taʼlim muassasalarida va ommaviy axborot vositalarida hayvonlarga gʻamxoʻrlik va ularga mehrli munosabatda boʻlish madaniyatini shakllantirishga oid tushuntirish va xabardorlikni oshirish ishlarini olib borish hamda shafqatsiz munosabatni va uning targʻibotini taqiqlash kabi muhim yoʻnalishlar qamrab olingan.

 

Ekopartiya mazkur loyihani takomillashtirishga xizmat qiladigan barcha takliflarni qabul qilish boʻyicha keng jamoatchilikka ochiq. Barcha manfaatdor shaxslar info@ecouz.uz elektron manzili orqali murojaat qilishi mumkinligi maʼlum qilingan.

 

Kelgusida mazkur qonunning qabul qilinishi nafaqat hayvonlarni shafqatsiz munosabatdan himoya qilishga, balki jamiyatda insonparvarlik tamoyillarini yanada mustahkamlash, fuqarolar xavfsizligini taʼminlashga xizmat qiladi deydi partiya matbuot xizmati.

 

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

//