“Mustaqillikning 35-yilligi” esdalik oltin tangasi zarb etiladi

Saqlash
21:28 / 02.04.2026 56 0

Shavkat Mirziyoyev Oʻzbekiston davlat mustaqilligining 35 yilligini keng nishonlash toʻgʻrisidagi qarorni imzoladi. Hujjatda bayram tadbirlarini yuqori saviyada oʻtkazish va mamlakat taraqqiyotini keng yoritish vazifalari belgilandi.

 

Xususan, Yangi Oʻzbekistondagi amalga oshirilayotgan islohotlar natijasida yuzaga kelgan ulkan imkoniyat va yutuqlarni keng yoritish, mamlakatimiz iqtisodiyoti barqaror surʼatlarda jadal rivojlanib borayotganligi natijasida fuqarolarimizning turmush farovonligi ortib borayotganligini koʻrsatib berish, yurtimizning tinchligi va chegaralar daxlsizligini taʼminlashga xizmat qiluvchi mudofaa salohiyatini mustahkamlash borasidagi islohotlarni yoritish, millatlararo doʻstlik va dinlararo bagʻrikenglik muhitini saqlash va kuchaytirishni barcha fuqarolarning muqaddas burchi sifatida targʻib qilish kabi vazifalar belgilandi.Madaniyat vazirligi Toshkent shahrida boʻlib oʻtadigan asosiy bayram tadbiriga tayyorgarlik koʻrish va uni oʻtkazish boʻyicha masʼul tashkilot boʻldi.

 

Badiiy akademiya, Madaniyat vazirligi, Yozuvchilar uyushmasi, Respublika Maʼnaviyat va maʼrifat markazi 2026-yil 1-iyunga qadar milliy mustaqillik va suverenitet gʻoyalarini, Yangi Oʻzbekiston bunyodkorlari qiyofasini oʻzida aks ettirgan “Vatan fidoyilari” ramziy monumentining eskiz loyihasini ishlab chiqadi va Vazirlar Mahkamasiga kiritadi.

 

Ushbu monument Qoraqalpogʻiston Respublikasi, viloyatlar, tuman va shaharlarda 2026–2030 yillarda barpo etilayotgan umummilliy birdamlik bogʻlarining markaziy qismiga oʻrnatiladi.

 

Shuningdek, Respublika Maʼnaviyat va maʼrifat markazi Yangi Oʻzbekiston taraqqiyoti tadqiqotlari instituti, “Yuksalish” umummilliy harakati, “Taraqqiyot strategiyasi” markazi bilan birgalikda 2026-yil 1-avgustga qadar har bir sohada amalga oshirilayotgan islohotlar, ularning natijalari va erishilgan yutuqlarga bagʻishlangan “Mustaqillik zafarnomasi” maxsus kitob-albomini tayyorlaydi.

 

Yoshlar ishlari agentligi, Respublika Maʼnaviyat va maʼrifat markazi 2026-yil aprel oyidan ijtimoiy tarmoqlarda #Mustaqillik35, #Uzb35 xeshteglari ostida targʻibot aksiyalarini (fleshmoblar, podkastlar, viktorina va boshqalar) oʻtkaza boradi.

 

Prezident topshirigʻiga koʻra, Markaziy bank 2026-yil 1 sentabrga qadar “Mustaqillikning 35 yilligi” esdalik oltin tangasini zarb etish choralarini koʻradi.

 

Hujjatda, shuningdek, yana bir qator tashabbuslar koʻzda tutilgan.

 

Prezident qarorning ijrosini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vaziri Abdulla Aripov zimmasiga yuklangan.

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

//