Oʻzbekistonda zararli chigirtkalarga qarshi kurash kampaniyasi boshlandi

Saqlash
16:17 / 02.04.2026 29 0

Oʻzbekistonning toʻrt viloyatida zararli chigirtkalarga qarshi kurash tadbirlari boshlandi. Bu haqda Oʻsimliklar karantini va himoyasi agentligi xabar berdi.

 

Maʻlum qilinishicha, Qashqadaryo va Surxondaryo viloyatlarida 22-martdan, Samarqandda 24-martdan, Jizzax viloyatida 28-martdan zararli chigirtkalarni tuxumdan chiqa boshlagani aniqlangan. Bu hasharotlar 1-2 yoshdagi marokash chigirtkasi boʻlib, ular aholi ekin yerlari, tomorqalarga yetib borishining oldini olish boʻyicha choralar koʻrilmoqda. Shuningdek, barcha hududlarda kuzatuv-nazorat ishlari kuchaytirilib, chigirtka toʻdalari aniqlangan joylarda kimyoviy kurash oʻtkazilmoqda.

 

Anʻanaviy kimyoviy kurash tadbirlari har yili voha hududlarida boshlanib, Qoraqalpogʻiston Respublikasi tumanlari bilan yakunlanadi. Ayni vaqtda kurash tadbirlariga 53 ta yuqori unumli purkagichli maxsus avtomashina, 194 ta purkagichli traktorlar, 1000 tadan ortiq motorli osma qoʻl purkagichi, 25 ta suv tashuvchi transport vositasi, 66 ta motosikl shay holatga keltirilgan. Yoqilgʻi-moylash mahsulotlari va kimyoviy vositalar zaxiralari shakllantirildi.

 

Agentlik xabariga koʻra, 2026-yilda jami 651,8 ming gektar maydonda kimyoviy ishlovlar oʻtkazilishi rejalashtirilgan. 1-aprelga qadar 22 ming gektardan ortiq maydonda kuzatuv olib borilgan, 3 641 gektarda kimyoviy kurash oʻtkazildi. Zararli chigirtkaga qarshi kurash tadbirlarini oʻz vaqtida va samarali olib borish uchun barcha viloyatlarda shtablar va tumanlarda tezkor kurash otryadlari tashkil etilgan.

 

Oʻzbekistonda 200 ga yaqin chigirtka turi mavjud boʻlib, har yili 6-8 turdagi toʻda hosil qiluvchi zararli chigirtkalarga qarshi kurash olib boriladi. Mavsumni betalafot oʻtkazish uchun chigirtka xizmati 24/7 rejimiga oʻtkazildi. Kuzatuv-nazorat va qarshi kurash tadbirlariga respublika boʻyicha jami 700 nafarga yaqin mutaxassis jalb etilgan.

 

Oʻsimliklar karantini va himoyasi agentligi zararli chigirtka tarqalgan hudud haqida xabardor boʻlgan fuqarolardan 1288 yoki 71 202 10 00 raqamlariga murojaat qilishlarini soʻradi. Ushbu hududlarda kimyoviy ishlovlar olib borish bepul amalga oshiriladi.

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

//