“Hech qaysi filmda ayollarga nisbatan bu qadar nafrat koʻrmaganman” – Saida Mirziyoyeva “Sevimli” telekanalida efirga uzatilgan serialni keskin tanqid qildi

Saqlash
19:15 / 19.01.2022 896 0

Mass-media fondi Vasiylik kengashi raisi oʻrinbosari, Oʻzbekiston Respublikasi Gender tengligini taʼminlash boʻyicha komissiyasi aʼzosi Saida Mirziyoyeva “Sevimli” telekanalida efirga uzatilgan serial borasida keskin fikr bildirdi.

 

«Mamlakatimizda, shubhasiz, soʻz va ijod erkinligi mavjud.

 

Lekin bir tomoshabin sifatida “Sevimli” kanalida praym-taym vaqti namoyish etilayotgan, millionlab teletomoshabinlarning diqqatini tortgan “Sabriya” milliy serialiga nisbatan shaxsiy munosabatimni bildirishga haqliman, deb oʻylayman.

 

Badiiy saviya haqida gapirib ham oʻtirmayman, unaqa narsaning oʻzi yoʻq. Serial mualliflari orasida birorta ayol yoʻqligiga ham ishonchim komil. Chunki hech qaysi filmda ayollarga nisbatan bu qadar nafrat koʻrmaganman.

 

Syujetda giyohvand moddalarni isteʼmol qilish boʻyicha aniq va batafsil yoʻriqnoma koʻrsatishdan maqsad nimaligi ham tushunarsiz. Bu holatdan hech qanday xulosa chiqarilmagan. Hamkasb-ayollar oʻrtasidagi zahar-zaqqumga toʻla raqobat gʻoyasiku, umuman, ayollarni odam oʻrnida koʻrmaydigan latifabozlardan ilhomlanib yozilgandek. Va nihoyat, eng yoqimsiz va jirkanch epizodlar – ayollarga nisbatan zoʻravonlik sahnalari hamda isnoddan qutulishning yagona “toʻgʻri” yoʻli – oʻz joniga qasd qilish bilan bogʻliq. Naqadar “dono” maslahat!

 

Ushbu serialda ayollar fikri tor, makkora, zaifa, hayotdagi hamma balolarga sababchi qilib koʻrsatilgan.

 

Badiiy kino jamiyatdagi qarashlarni shakllantiradigan vositalardan biridir. Umuman, kimki ommaga taʼsir oʻtkaza olsa, ogʻzidan chiqqan har bir Soʻz uchun masʼuldir.

Biz gender tengligi va ayollarga ehtirom masalasini aholi ongiga singdirish uchun zoʻr berib harakat qilayotgan bir paytda bunday seriallar gender tengligi rivojlanishiga shaksiz toʻsqinlik qiladi. Ularda hech qanday sogʻlom fikr yoʻq. Bu – Oʻzbekistondagi turmush tarzi borasida ijodkorlarning buzuq fantaziyasi, xolos.

 

Nima deb oʻylaysiz, oʻzbekistonlik ayollarning obroʻiga jiddiy putur yetkazayotgan bunday sayoz “ijod namunalari” yaratishni bas qilishni talab etishga haqlimizmi? Qanday qilib oʻz joniga qasd qilishni ekranda koʻrsatish mumkin axir?

 

Men badiiy kengashlar va mutasaddi tashkilotlarni bu kabi kontentga qonun va etika nuqtayi nazaridan xulosa berishga chaqiraman. Ayollarimiz bunday munosabatga loyiq emas! Bu ham xususiy, ham davlat kinematografiga birdek taalluqli!» deb yozmoqda Oʻzbekiston Respublikasi Gender tengligini taʼminlash boʻyicha komissiyasi aʼzosi Saida Mirziyoyeva.

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

//