Ispaniya ham 16 yoshgacha bo‘lgan bolalarga ijtimoiy tarmoqlardan foydalanishni taqiqlamoqchi

Saqlash
09:33 / 05.02.2026 33 0

Ispaniya hukumati 16 yoshgacha boʻlgan shaxslar uchun ijtimoiy tarmoqlardan foydalanishni taqiqlashni rejalashtirmoqda. Bu haqda mamlakat bosh vaziri Pedro Sanches 3-fevral kuni BAAda boʻlib oʻtgan davlat rahbarlari sammitida maʻlum qildi.

 

“Farzandlarimiz hech qachon yolgʻiz qolish kerak boʻlmagan makonga yolgʻiz tushib qolmoqda. Qaramlik, zoʻravonlik, pornografiya, manipulyatsiya va shafqatsizlik maydoni. Biz bunga ortiq toqat qilmaymiz. Ularni raqamli “Yovvoyi Gʻarb”dan himoya qilamiz”, – degan Sanches.

 

Bosh vazirning soʻzlariga koʻra, ijtimoiy platformalar “shunchaki rasmiyatchilik emas”, balki yoshni tekshirishning samarali tizimlarini joriy etishga majbur boʻladi.

 

Taklif etilayotgan taqiq voyaga yetmaganlarning raqamli himoyasi toʻgʻrisidagi amaldagi qonunga oʻzgartirishlar doirasida qabul qilinadi. Qonun loyihasining muhokamasi kelgusi haftada boshlanishi kutilmoqda.

 

Bundan tashqari, Ispaniya hukumati ijtimoiy tarmoqlar rahbarlarini noqonuniy yoki nafrat uygʻotuvchi kontentni oʻchirmagani uchun jinoiy javobgarlikka tortishni nazarda tutuvchi yangi qonunlarni qabul qiladi.

 

“Biz algoritmik manipulyatsiyalar va noqonuniy kontent tarqatilishini yangi jinoiy huquqbuzarlikka aylantiramiz. Nafrat tarqatishning oʻz bahosi boʻlishi kerak”, – degan Ispaniya hukumati rahbari.

 

Sanches, shuningdek, Ispaniya transchegaraviy tartibga solishni muvofiqlashtirish va unga rioya etilishini taʻminlash uchun Yevropaning yana beshta davlati bilan – “raqamli texnologiyalarga tayyor boʻlganlar koalitsiyasi”ga qoʻshilganini aytdi. Sanches gap qaysi davlatlar haqida ketayotganiga aniqlik kiritmadi, biroq koalitsiya yaqin kunlarda uchrashuv oʻtkazishini qayd etdi.

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

//