Endilikda hokim yordamchilari imtiyozli kredit, subsidiya yoki dehqon xoʻjaligi uchun ularga yer maydonlari ajratish masalalari bilan shugʻullanadi

Saqlash
18:07 / 15.01.2022 1113 0

Ayni vaqtda Prezident Shavkat Mirziyoyev raisligida mahallabay ishlashning yangi tizimini yoʻlga qoʻyish va aholi bandligini taʼminlash boʻyicha joriy yildagi ustuvor vazifalarga bagʻishlangan videoselektor yigʻilishi boʻlib oʻtmoqda. Bu haqda davlat rahbarining matbuot kotibi Sherzod Asadov maʼlum qildi.

 

Yigʻilishda davlat rahbari faol islohotlar, tadbirkorlikni rivojlantirish va mahallabay ishlash boshlangani natijasida, 2021-yilda yalpi ichki mahsulot 7,4 foizga oʻsganini qayd etgan. Shuningdek, hududlarda 100 mingta yangi tadbirkor ish boshlagan, oʻzini oʻzi band qilganlar soni 700 mingga koʻpayib, 1,2 millionga yetgan.

 

“2022-yilni Inson qadrini ulugʻlash va faol mahalla yili deb eʼlon qildik. Shu bois bu yil barcha mahallalarda tub oʻzgarishlar yili boʻlishi kerak”, — dedi prezident.

 

Shuningdek, yangi yildan 9 ming 309 nafar hokim yordamchilari ish boshlab, ularga koʻmak berish uchun vazirliklardan 300 nafar rahbar-xodimlar xizmat safariga yuborilgani qayd etildi.

 

Maʼlum qilinishicha, endilikda hokim yordamchilari, eng avvalo, ishlash imkoniyati va xohishi bor, lekin sharoiti ogʻir oilalarni oʻqitish va oʻz ishini boshlashi uchun imtiyozli kredit, subsidiya yoki dehqon xoʻjaligi uchun ularga yer maydonlari ajratish masalalari bilan shugʻullanadi.

 

Hokim yordamchilari aholi bilan har kuni ishlab, odamlarga davlat tomonidan yaratilgan moliyaviy imkoniyatlarni yetkazishi, tadbirkorlikka va dehqonchilikka oʻrgatish orqali ularni kambagʻallikdan chiqarishi lozim.

 

Bu maqsadlar uchun joriy yilda 10 trillion soʻm imtiyozli kredit va 2,5 trillion soʻm subsidiya ajratiladi (har bir mahallaga oʻrtacha 1,3 milliard soʻm).

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

//