Avstraliya dunyoda birinchi boʻlib 16 yoshgacha boʻlgan oʻsmirlarga ijtimoiy tarmoqlarni taqiqladi

Saqlash
09:59 / 11.12.2025 28 0

Avstraliyada 10-dekabrdan boshlab 16 yoshgacha boʻlgan bolalar uchun ijtimoiy tarmoqlarga qoʻyilgan dunyodagi birinchi toʻliq taqiq kuchga kirdi, deya xabar berdi Reuters va NBC News.

 

Oʻnta eng yirik onlayn platforma, jumladan, TikTok, Snapchat, YouTube, X, Facebook va Instagram mavjud oʻsmirlar profillarini oʻchirib tashlashi va yangilarini roʻyxatdan oʻtkazmasligi kerak. Meta (Facebook) 4-dekabrdan boshlab akkauntlarni ommaviy ravishda oʻchirishni boshlagan.

 

Qabul qilingan qonun – Online Safety Amendment (Social Media Minimum Age) Act 2024 – ijtimoiy tarmoqlarda roʻyxatdan oʻtish uchun minimal yoshni belgilaydi. Endi platformalar 16 yoshgacha boʻlgan foydalanuvchilar tomonidan akkauntni roʻyxatdan oʻtkazish va undan foydalanishga yoʻl qoʻymaslikka majbur boʻladi.

 

Bunda kontentni toʻliq bloklash haqida gap ketmayapti – oʻsmirlar ommaviy sahifalarni akkaunt ochmasdan ham koʻrishi mumkin. Talablarga rioya qilish masʻuliyati foydalanuvchilar yoki ularning ota-onalariga emas, balki platforma egalariga yuklatiladi.

 

Avstraliya rasmiylariga koʻra, yangi choradan maqsad oʻsmirlarning ruhiy salomatligi va farovonligini himoya qilish, algoritmlar va onlayn bosim taʻsirini kamaytirish, shuningdek, kiberhujum va raqamli qaramlikning oldini olishdir.

 

Hukumat oʻsmirlar ijtimoiy tarmoqlarda faol ishtirok etishdan oldin tanqidiy fikrlash va raqamli savodxonlikni rivojlantirish uchun koʻproq vaqtga ega boʻlishi kerakligini taʻkidlamoqda.

 

Bir qator ekspertlar va inson huquqlari tashkilotlari qonunning amalda qanchalik samarali boʻlishiga shubha bildirmoqda. Asosiy savol – platformalar qanday qilib foydalanuvchilarning yoshini tekshirishi va VPN, soxta akkauntlar yoki ota-onalar maʻlumotlari orqali cheklovlarni chetlab oʻtishning oldini olishi mumkinligida.

 

Bundan tashqari, tanqidchilarning fikricha, toʻliq taqiq oʻsmirlarning oʻzini ifoda etish va raqamli jamiyatda ishtirok etish huquqlarini cheklashi mumkin.

 

Shunga qaramay, Avstraliya hukumati qonun bolalar uchun xavfsizroq raqamli muhit yaratish yoʻlida muhim qadam va ehtimol boshqa mamlakatlar uchun namuna boʻlishini taʻkidlamoqda.

 

“Maktab taʻtilidan unumli foydalaning. Telefonda oʻtirib vaqt oʻtkazish oʻrniga yangi sport turi bilan shugʻullanishni boshlang, yangi musiqa asbobini chalishni oʻrganing yoki allaqachon javoningizda turgan kitobni oʻqing”, – degan Avstraliya bosh vaziri Entoni Albaneze yangi qonun kuchga kirishi munosabati bilan yoʻllagan videomurojaatida.

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

//