Prezidentning "Toshkent shahrida ekologik vaziyatni yaxshilash bo‘yicha kechiktirib bo‘lmaydigan chora-tadbirlar to‘g‘risida"gi Farmoni imzolandi

Saqlash
09:06 / 25.11.2025 63 0

Shavkat Mirziyoyev "Toshkent shahrida ekologik vaziyatni yaxshilash bo‘yicha kechiktirib bo‘lmaydigan chora-tadbirlar to‘g‘risida"gi Farmonni imzoladi. Bu haqda Prezident matbuot xizmati xabar berdi.

 

Farmonga muvofiq, Toshkent shahrida ekologik vaziyatni yaxshilash yuzasidan kechiktirib bo‘lmaydigan chora-tadbirlarni amalga oshirish bo‘yicha maxsus komissiya tuzildi.

 

Kecha, 24 noyabr kuni O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi rahbari Saida Mirziyoyeva Administratsiya hamda aloqador idoralar rahbariyati ishtirokida Toshkent shahridagi ekologik vaziyatni yaxshilash bo‘yicha kechiktirib bo‘lmaydigan chora-tadbirlar yuzasidan yig‘ilish o‘tkazilgan edi.

 

Unda so‘nggi kunlarda kuzatilayotgan havo ifloslanishi darajasi chuqur tashvish uyg‘otayotgani, poytaxt aholisini haqli ravishda xavotirga solayotgani, bu holat tezkor va muvofiqlashtirilgan harakatlarni talab etayotgani qayd etilgan.

 

Administratsiya rahbari mas’ullarning atmosfera havosining hozirgi holati, fuqarolardan kelib tushayotgan murojaatlar, jamoatchilikning taklif va tashabbuslari to‘g‘risidagi hisobotlarini tingladi. Mavjud vaziyatga ta’sir ko‘rsatayotgan asosiy omillar, odamlar salomatligi va ekologiyaga salbiy ta’sirni kamaytirish yo‘llari atroflicha ko‘rib chiqildi.

 

Yig‘ilishda o‘rnatilgan me’yorlar buzilgan hollarda havoni ifloslantirayotgan ishlab chiqarishlarga qarshi qat’iy choralar ko‘rish zarurligi alohida ta’kidlandi. Odamlar salomatligi haqida gap ketganda, murosaga o‘rin yo‘qligi va bu tamoyil davlat uchun ham, biznes uchun ham birdek amal qilishi kerakligi qayd etildi.

 

Saida Shavkatovna shu kunlarda tezkor tartibda ishlab chiqilgan ekspert xulosalariga asoslanib, yaqin, o‘rta va uzoq muddatli istiqbolga mo‘ljallangan, tezkor choralardan tortib, kelgusida bunday holatlar takrorlanishining oldini olishga qaratilgan tizimli yechimlargacha qamrab olgan kompleks takliflarni ilgari surdi. Xususan, Prezident Administratsiyasi rahbari tomonidan ekologik nazoratni kuchaytirish, ifloslantiruvchi obyektlar faoliyatini cheklash, qurilishga qo‘yiladigan talablarni qat’iylashtirish, shaharni keng ko‘lamda ko‘kalamzorlashtirish va havo sifatini nazorat qilishning zamonaviy tizimini yaratish bo‘yicha chora-tadbirlar belgilandi.

 

Ushbu chora-tadbirlar yaqin orada davlatimiz rahbariga ko‘rib chiqish uchun taqdim etiladigan O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Farmoni loyihasi uchun asos bo‘lib xizmat qildi va bugun mazkur Farmon imzolandi.

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

//