Prezident boshchiligidagi selektorda ayrim tuman hokimlari va oʻrinbosarlarini ishdan olindi. Yana 20 ta hokimga chora koʻriladi

Saqlash
16:50 / 19.11.2025 56 0

Ayni paytda Prezident Shavkat Mirziyoyev raisligida kambag‘allikni qisqartirish hamda aholi bandligini ta’minlash borasidagi ishlar sarhisobi va kelgusi yil uchun ustuvor vazifalar yuzasidan videoselektor yig‘ilishi bo‘lib o‘tmoqda.

 

Yig‘ilishda Denov tumani va Chiroqchi tumani hokimlari ishdan olindi, bosh vazirga bandlik masalalarida jiddiy kamchiliklar va ko‘zbo‘yamachilikka yo‘l qo‘yayotgani 20 ta tuman hokimlariga chora ko‘rish topshirildi.

 

Davlat rahbari Uzun tumanini namunaviy hududlardan biri sifatida qayd etdi. 51 ta mahallasi bo‘lgan tumanga joriy yil kambag‘allikni qisqartirish va bandlik dasturlari doirasida 160 milliard so‘m mablag‘ berilganini ta’kidladi.

 

Tumanga 70 million dollar xorijiy investitsiya olib kelindi, 47 ta korxona ishga tushirildi, 300 ta servis obyektida 1 ming nafar odam ishli bo‘ldi, 9 ta mahalla uzumchilikka ixtisoslashtirilib, tadbirkor bilan aholi o‘rtasida kooperatsiya yo‘lga qo‘yildi, 2 mingdan ziyod mikroloyihada 4 ming 200 nafar odam daromadli bo‘ldi.

 

Shularning hisobiga Uzun tumanida yil boshidan kambag‘allik darajasi 10,5 foizdan 3 foizgacha kamaydi.

 

Shu bilan birga, Uzun tumaniga nisbatan 4,5 barobar ko‘p mablag‘ olgan Denov tumani hokimligi ishlarni o‘z holiga tashlab qo‘ygani ko‘rsatib o‘tildi. Kambag‘al oilalar reyestriga kirganidan buyon 1200 ta oila daromadida o‘zgarish bo‘lmagan.

 

Chiroqchi tumaniga joriy yil mahallada tadbirkorlikni rivojlantirish uchun kreditga 309 milliard so‘m resurs berilgan. Lekin tuman hokimligi shuncha resursi bilan ham odamlarga imkoniyatiga yarasha tayyor loyiha bermagan.

 

Shu bois, Denov tumani hokimi I.Abrorov, uning birinchi o‘rinbosari Sh.To‘raqulov, Chiroqchi tumani hokimi F.Yusupov, uning birinchi o‘rinbosari Z.Ergashev ishdan olinishi belgilandi.

 

Ayrim tuman hokimlari bandlik masalalarida jiddiy kamchiliklar va ko‘zbo‘yamachilikka yo‘l qo‘yayotgani ko‘rsatib o‘tildi.

 

Bosh vazirga ishga shunday yondashgan 20 ta – Yashnobod, Buxoro, G‘ijduvon, Koson, Xatirchi, Qumqo‘rg‘on, Yangiyo‘l, O‘zbekiston, Guliston, Yakkabog‘, Andijon, Parkent, Toshkent, Nurobod, Uchtepa, Chortoq, Davlatobod, Oltinko‘l, Qiziriq, Kogon tumanlari hokimlariga nisbatan o‘rnatilgan tartibda chora ko‘rish topshirildi.

 

Mahallalarga yaxshi loyihalarni shakllantirish va moliyalashtirish uchun bankirlar biriktirilgan. Lekin ayrim tuman bankirlari davlatning arzon resursini samarasiz loyihalarga berib yuborayotgani tanqid qilindi.

 

Mutasaddilarga mahallalarga tushib, loyihalar samaradorligini o‘rganish, sohada nazorat va intizomni kuchaytirish topshirildi.

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

//