Shavkat Mirziyoyev Qozogʻistondagi voqealarga munosabat bildirdi

Saqlash
22:51 / 13.01.2022 865 0

Ayni vaqtda Oʻzbekiston Prezidenti, Qurolli Kuchlar Oliy Bosh qoʻmondoni Shavkat Mirziyoyev raisligida Xavfsizlik kengashining kengaytirilgan yigʻilishi boʻlib oʻtmoqda.

 

Unda Prezident Shavkat Mirziyoyev Qozogʻistondagi voqealarga munosabat bildirdi.

 

«Soʻnggi kunlarda biz uchun yaqin qoʻshni va qardosh boʻlgan Qozogʻiston Respublikasida sodir boʻlgan voqealar hammamizni jiddiy tashvishga soldi.

 

Biz ming yillar davomida qozoq xalqi bilan yaqin qoʻshni boʻlib, birgalikda yonma-yon yashab kelganmiz. Bizni umumiy tarix, urf-odat va madaniyat bogʻlab turadi. Kelajagimiz ham oʻzaro chambarchas bogʻliqdir.

 

Shu kunlarda men Qozogʻiston Prezidenti Qasim-Jomart Toqayev bilan bir necha bor telefon orqali muloqot qildim. Oʻzbekiston xalqi nomidan butun Qozogʻiston eli va rahbariga barqarorlik hamda farovonlikni taʼminlash borasidagi barcha saʼy-harakatlarini qatʼiy qoʻllab-quvvatlashimizni bildirdim.

 

Fursatdan foydalanib, ushbu voqealarda qurbon boʻlganlarning oila aʼzolari va barcha yaqinlariga yana bir bor chuqur taʼziya va hamdardlik izhor qilaman. Jabrlangan insonlar ham tez orada sogʻayib ketishiga tilakdoshman.

 

Yaratganga shukrki, qoʻshni mamlakatdagi vaziyat asta-sekin oʻz iziga tushib bormoqda, davlat tuzilmalari va ijtimoiy muassasalar oʻz faoliyatini qayta tiklamoqda, odamlar osoyishta hayotga qaytmoqda.

 

Oʻz oʻtmishida koʻplab murakkab sinovlarni boshidan kechirgan donishmand qozoq xalqi bu ogʻir kunlarni ham tez orada mardona yengib oʻtishiga hamda yanada yakdil va hamjihat boʻlishiga ishonaman», dedi davlatimiz rahbari.

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

//