O‘zbekistonlik yoshlarga til o‘rganish uchun subsidiya ajratiladi

Saqlash
10:09 / 10.10.2025 70 0

O‘zbekistonlik yoshlarga til o‘rganish uchun “2+6” dasturi asosida subsidiyalar ajratiladi. Bu haqda Adliya vazirligi axborot xizmati xabar qildi.

 

8-oktyabr kuni hukumatning tegishli qarori bilan “Yoshlarning o‘quv markazlarida xorijiy tillarni o‘qish xarajatlari bir qismi uchun subsidiya ajratish tartibi to‘g‘risida”gi nizom tasdiqlandi.

 

Nizomga ko‘ra, “2+6” dasturi doirasida subsidiya ajratilishi uchun ariza beruvchi quyidagi talablarga javob berishi lozim:

 

– belgilangan xorijiy tillarni bilish bo‘yicha ball yoki darajaning kamida minimal ko‘rsatkichli sertifikatiga ega bo‘lishi;

– o‘quv markazi tomonidan ko‘rsatilgan xizmat uchun dastlabki 2 oylik o‘qish xarajatini o‘z hisobidan to‘lagan bo‘lishi.

 

Yuqoridagi talablar bajarilgan taqdirda, keyingi 6 oygacha o‘qish xarajati uchun Yoshlar ishlari agentligining Yoshlarga oid davlat siyosatini qo‘llab-quvvatlash jamg‘armasi mablag‘lari hisobidan subsidiya ajratiladi.

 

Dasturga muvofiq, har oy yakuni bo‘yicha quyidagi miqdorda subsidiya ajratiladi:

 

– Toshkent shahrida — BHMning 2 baravarigacha (824 ming so‘m);

– Qoraqalpog‘iston Respublikasi va viloyatlar markazlarida — BHMning 1,5 baravarigacha (618 ming so‘m);

– tuman yoki shaharlarda — BHMning 1 baravarigacha (412 ming so‘m).

 

Agentlik 2025−2026-yillarda o‘quv markazlarida xorijiy tillarni o‘rganadigan 20 ming nafargacha, 2031-yilga qadar har yili 20 ming nafargacha yoshlarga o‘qish xarajatlari uchun subsidiya ajratadi.

 

Bunda tegishli yilda subsidiya ajratilgan yoshlar soni 20 ming nafardan oshgan taqdirda, o‘sha yil uchun subsidiya ajratish keyingi yilga qadar to‘xtatiladi.

 

Shuningdek, “2+6” dasturi doirasida subsidiya ajratilishi uchun ariza beruvchi til o‘rgangan o‘quv markaziga quyidagi talablar qo‘yiladi:

 

– o‘quv markazlarining reytingini shakllantirish uchun belgilangan tartibda elektron platforma orqali ro‘yxatdan o‘tganlik;

– ariza beruvchilarning o‘quv mashg‘ulotlarida qatnashganini kunlik elektron nazorat qilish imkonini beruvchi elektron platformaga integratsiya qilinganlik.

 

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

//