
Siyosat
Shavkat Mirziyoyev “Markaziy Osiyo–Rossiya” formatidagi ikkinchi sammitda strategik sheriklikni mustahkamlash, iqtisodiy hamkorlikni rivojlantirish va mintaqaviy barqarorlikni birgalikda ta’minlashga qaratilgan 10 dan ortiq tashabbusni ilgari surdi. Bu haqda prezident matbuot kotibi Sherzod Asadov xabar qildi.
Xususan:
– birgalikda qabul qilingan qaror va loyihalar ijrosini tezlashtirish uchun hukumat rahbarlari o‘rinbosarlari darajasida Muvofiqlashtiruvchi kengash ta’sis etishni;
– tovar ayirboshlashni ko‘paytirish va qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini yetkazib berish jarayonlarini yengillashtirish maqsadida “Markaziy Osiyo–Rossiya agroekspressi” loyihasini ishga tushirishni;
– avtomobil, temir yo‘l va aviatsiya aloqalari sohasida milliy dasturlarni uyg‘unlashtirish uchun mamlakatlarimiz Transport-logistika konturini ishlab chiqish tashabbusini;
– Buxoro shahrida ilg‘or muhandislik yechimlarini ishlab chiqish va joriy etishga qaratilgan “Markaziy Osiyo–Rossiya” sanoat injiniring xabini tashkil etishni;
– Toshkentda o‘tkaziladigan “Innoprom. Markaziy Osiyo” ko‘rgazmali forumiga mintaqaning asosiy sanoat va innovatsiya maydoni maqomini berishni;
– atom energetikasi yo‘nalishida Mintaqaviy kompetensiyalar markazini O‘zbekistonda tashkil etish, shuningdek, Moskva davlat muhandislik-fizika institutining Toshkent filiali negizida Kadrlar tayyorlash dasturini qabul qilishni;
– “Markaziy Osiyo va Rossiya energetik sherikligi” kompleks dasturini ishlab chiqish, shuningdek, uglevodorodlarni qidirish va qayta ishlash, energiya tejovchi va “yashil” texnologiyalarni joriy etish bo‘yicha hamkorlikni kengaytirishni;
– Sun’iy intellekt va raqamli texnologiyalar bo‘yicha Mintaqaviy ekspert kengashini tashkil etish, shuningdek, mamlakatlarda “Skolkovo” innovatsiya markazi filiallarini ochishni;
– “Kelajak muhandislari” konsorsiumini tuzib, Markaziy Osiyo va Rossiyaning yetakchi oliygohlari va ilmiy markazlari salohiyatini birlashtirish hamda yosh tadqiqotchilar va olimlar uchun Maxsus grantlar dasturini ta’sis etishni;
– har yili o‘tkaziladigan Markaziy Osiyo va Rossiya xalqlari madaniyati, san’ati va ijodiyoti festivali — Etnomadaniyat forumini tashkil etishni;
– terrorizm, ekstremizm, kibertahdidlar va odam savdosiga qarshi kurashish bo‘yicha birgalikda choralar ko‘rish muhimligini qayd etdi hamda Afg‘oniston bo‘yicha yuqori darajadagi maslahatlashuvlar o‘tkazishni taklif qildi.
Siyosat
Ilm-fan
Madaniyat
Jamiyat
Jamiyat
Jamiyat
Jamiyat
Jamiyat
Jamiyat
Jamiyat
//
Izoh yo‘q